Baliq mahsulotlari – bayram dasturxoniga
Surxondaryo viloyatida 2014-yilda 1 ming 300 tonnadan ortiq baliq mahsulotlari yetishtirildi.
Surxondaryo viloyatida 2014-yilda 1 ming 300 tonnadan ortiq baliq mahsulotlari yetishtirildi.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholini sifatli, arzon va tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, baliqchilik sohasi ham yildan-yilga rivojlanib, parhezbop, to‘yimli mahsulot ishlab chiqarish hajmi ko‘paymoqda.
Surxondaryo viloyatida ikki yuzdan ortiq fermer xo‘jaligi va tadbirkorlik subyekti baliq parvarishi bilan shug‘ullanadi. 2014-yilda o‘ttizga yaqin yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi. Sohani yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 1 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘i ajratildi.
Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati ko‘magida Termiz tumanida bunyod etilgan zamonaviy baliqchilik majmuasida xo‘jaliklarni arzon, sifatli baliq chavoqlari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.
– Tayyorlanayotgan baliq mahsulotlari arzon narxlarda peshma-pesh iste’molchilarga yetkazib berilmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati baliqchilik xo‘jaliklari uyushmasi raisi Bahodir Bobomurodov. – Yangi yil bayrami arafasida Termiz shahri va tumanlarda tashkil etilgan yarmarkalarda mahalliy sharoitda yetishtirilgan baliq mahsulotlariga talab oshmoqda. Ayniqsa, sazan, karp, do‘ngpeshona, oq amur kabi baliqlar xaridorgir bo‘layotir.