Bahor mavsumida 5 million 912 ming tup ko‘chat ekiladi
Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlar ulushini kengaytirish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Ushbu maqsadlar ijrosini ta’minlashda “Yashil makon” umummilliy loyihasi hududlarda aniq raqamlar va amaliy natijalar orqali o‘z ifodasini topmoqda.
Jizzax viloyatida ham mazkur loyiha doirasidagi ishlar tizimli tashkil etilgan bo‘lib, joriy yil bahor mavsumida 5 million 912 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich hududda yashil hududlar ulushini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Belgilangan rejalarni ta’minlash maqsadida oldindan mustahkam moddiy baza yaratilgan. Xususan, viloyatda jami 3 million 200 ming tup ko‘chat zaxirasi tayyorlangan. Ushbu zahiraning 2 million 108 ming tupi o‘rmon xo‘jaliklari, 487 ming tupi ko‘chatchilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari, 551 ming tupi aholi tomorqalari va tadbirkorlik sub’ektlari, 20 ming tupi esa Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi ilmiy-tadqiqot muassasasining Jizzax ilmiy tajriba stansiyasi tomonidan yetishtirilgan.
— Bu raqamlar ortida faqat statistika emas, balki tizimli hamkorlik va rejali ish yotadi, — deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi shu’ba mudiri Qobil Mingboyev. — Eng muhimi, ko‘chat ekish ishlari hududning tabiiy sharoitiga mos ravishda amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, keyingi yillarda an’anaviy usullar bilan cheklanib qolinmay, tabiiy sharoitdan kelib chiqqan holda yangi agrotexnik yechimlar joriy etilmoqda. Jumladan, tog‘li va qiya hududlarda o‘rmonzorlar barpo etishda “terassa” usuliga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda Zomin tumani tog‘li hududlarida 600 gektar, Baxmal tumanida esa 360 gektar maydonda aynan shu usul asosida ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilmoqda. “Terassa” usuli qiya yerlarda tuproqni pog‘onali shaklda tekislash orqali yomg‘ir va qor suvlarini ushlab qolish, namlikni saqlash va tuproq yuvilib ketishining oldini olish imkonini beradi. Bu esa suv resurslari cheklangan sharoitda ham yuqori samaradorlikka erishish imkonini yaratadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham amaliy natijalar kuzatilmoqda. Xususan, Baxmal tumanida fermer xo‘jaliklari tomonidan 200 gektardan ortiq maydonda 230 mingdan ziyod mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Bu esa hududda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yo‘l infratuzilmasi atrofini ko‘kalamzorlashtirish ham izchil davom etmoqda. “Yo‘l ko‘kalam” davlat muassasasi tomonidan Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlari hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida 200 ming tupdan ortiq tez o‘suvchi terak ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘lar” barpo etilmoqda. Bu tashabbus atmosfera havosini tozalash, chang va shamol ta’sirini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, Forish tumanida Aydar-Arnasoy ko‘liga tutash cho‘l hududlarida 200 gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etish rejalashtirilgani hududlarni ekologik jihatdan tiklashga qaratilgan manzilli choralardan dalolat beradi.
Umuman, Jizzax viloyatida “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat ko‘chat ekish bilan cheklanib qolmayapti. Balki u hududlarning tabiiy xususiyatlarini hisobga olgan holda yondashuvni tanlash, resurslardan samarali foydalanish va aniq natijalarga erishishga qaratilgan tizimli jarayonga aylanmoqda.
Bu esa “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va yashil hududlar ulushini oshirish kabi vazifalar ijrosi amalda ta’minlanayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA