Bahodir Jalolov maktabi: 214 medal va o‘zbek boksi dunyoga chiqmoqda (+video)
O‘zbekiston sport olamida dunyoni zabt etmoqda. Ammo bu yutuqlarning siri nimada?
O‘zbekiston sportchilari bugun dunyo miqyosida tan olinmoqda. Barcha yo‘nalishlarda jahonga mashhur sportchilarning yetishib chiqishi bu, avvalo, iqtidorli yoshlar, sohadagi tizimli islohotlar hamda murabbiylarning tinimsiz izlanishlari va yuksak mahorati mevasidir. Darhaqiqat, musobaqalarda yuksak natijalarga erishadigan mahoratli sportchini tayyorlashda ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyos. Masalan, bokschini yetishtirish uchun yillar davomida uzoq va mashaqqatli mashqlar, murabbiylarning turli taktikalarni ishlab chiqishi, hatto sportchilarning ovqatlanish ratsioni ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada Prezident tashabbusi bilan ikki yil avval professional bokschilarni tayyorlash maqsadida asos solingan Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi alohida o‘rin tutadi. Qisqa vaqt ichida qilingan mehnat o‘z samarasini berib, maktab tarbiyalanuvchilari respublika miqyosidagi, Jahon va Osiyo chempionatlarida jami 214 ta medalni qo‘lga kiritdi. Yuzlab yoshlar va sport maktablari raqobatlashayotgan bir muhitda bunday yuqori natijalarga erishish oson emas. Bu yutuqlarning asosiy omillaridan biri – maktabga mahoratli yoshlarni tanlab olishdagi qat’iy mezonlar va murabbiylarning yuksak tajribasidir.
Joriy yilda 5-sinfga qabul uchun 800 nafar o‘quvchi talabgor bo‘lgan bo‘lsa, shundan atigi 24 nafari kasbiy-ijodiy hamda mantiqiy-psixologik imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Bahodir Jalolov izdoshlari safiga qo‘shildi. Sport maktabida jami 168 ta o‘rin mavjud bo‘lib, hozirda 155 nafar yigit-qizlar boks sirlarini o‘rganib kelmoqda. Har bir guruhda 24 nafardan o‘quvchi shug‘ullanadi va ular uchun sportchilarga tavsiya etilgan 5 mahallik ovqatlanish ratsioni tashkil etilgan. Binoda uzoq-yaqindan kelgan sportchilar uchun yotoqxona, oshxona, o‘quv xonalari, sport zali va suv havzasi so‘nggi talablar asosida jihozlantirilgan. Mashg‘ulotlarga tajribali va mahoratli murabbiylar jalb qilingan. Bundan tashqari, mahalliy va xorijiy sport ustalari, mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda yetishib chiqqan bokschilarni dunyo tan olmoqda. O‘zbek o‘g‘lonlari qator yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarni zabt etgan. Kelgusida bu borada jahonda o‘z o‘rnimizni saqlab qolish va o‘zbek boks maktabi an’analarining bardavomligini ta’minlash maqsadida sport maktabida har yili yangi usullar va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston sportchilarining, xususan bokschilarning xalqaro maydondagi yuksak e’tirofi va muvaffaqiyatlari iqtidorli yoshlarni aniqlash, sohadagi tizimli islohotlar hamda murabbiylarning fidokorona mehnati va mahoratining natijasidir. Bahodir Jalolov nomidagi boks maktabi kabi ixtisoslashtirilgan muassasalarning samarali faoliyati, qat’iy tanlov mezonlari, kompleks tayyorgarlik jarayonlari va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishga bo‘lgan e’tibor qisqa vaqt ichida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritish imkonini bermoqda. Bu esa o‘zbek boks maktabi an’analarining bardavomligini ta’minlash va uning jahondagi mavqeini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoyitov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA