Bagʻdat AMREYEV: Oʻzbekiston ishtirokida kengash kelajagiga katta umid bilan qaramoqdamiz
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagʻdat AMREYEV Oʻzbekiston bilan hamkorlik va tashkilotning Bokuda oʻtadigan sammiti xususida OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistonning Turkiy kengashga toʻla aʼzo sifatida qoʻshilishi toʻgʻrisidagi qonunni imzolashi tarixiy hodisa. Turkiy kengash bundan 10 yil avval tuzilgan. Oʻzbekiston aslida ushbu kengash faoliyatining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Chunki turkiy dunyoni Oʻzbekistonsiz tasavvur etib boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Turkiy kengashning teng huquqli aʼzosi boʻlgan bugungi kunda ishonch va gʻurur bilan shuni ayta olamizki, endi u butun turkiy dunyoning manfaatlarini ifoda etadigan, himoya qiladigan va qoʻllab-quvvatlaydigan toʻlaqonli tashkilotga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Turkiy kengash kun tartibidagi barcha masalalarni muhokama qildik. Taʼkidlash joizki, bugungi kunda iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va yoshlar bilan bogʻliq tahdidlar chuqur xavotir uygʻotmoqda. Barcha tahdidlarga birgalikda qarshi turish va mavjud muammolarni hal qilish zarur. Turkiy kengash bunda muhimdir.
Yaqinda Bokuda boʻlib oʻtadigan sammitda turkiyzabon davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni qardosh Oʻzbekiston rahbari – Turkiy kengashning yangi aʼzosi sifatida kutib olishadi. Sammit iqtisodiyot, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlanadi.
Turkiy kengash aʼzo mamlakatlar hamkorligini mustahkamlash borasida sezilarli ishlarni amalga oshirdi. Turkiy dunyo Savdo-sanoat palatasi tuzildi, kichik va oʻrta biznesga koʻmaklashuvchi investitsiya fondi tashkil etilmoqda. Biz transport masalalariga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Bu Oʻzbekiston uchun ham ayniqsa muhim.
Oʻzbekiston zamini jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Bu salohiyatdan butun turkiy davlatlar foydalanishiga imkon paydo boʻldi. Biz Oʻzbekiston ishtirokida kengash kelajagiga katta umid bilan qaramoqdamiz.