Xitoy sarmoyasi asosida yangi loyihalar jalb qilinadi
Joriy yilning 8-9-oktabr kunlari Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasidagi uchrashuvlari Jizzaxga investitsiyalarni jalb qilish, shu asosda sanoatni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratildi. Pekin, Sinin va Golmud shaharlarida o‘tkazilgan muzokaralarda tog‘-kon sanoati, metallurgiya, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, turizm hamda mineral suv ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Mazkur muloqotlarning ahamiyati shundaki, ular faqat sarmoya jalb etish bilan cheklanmay, tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalar asosida yangi korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini ham qamrab oladi. Bu esa Jizzax viloyatining iqtisodiy salohiyatini ishga solish, ishlab chiqarish tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhimdir.


8-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda konchilik va metallurgiya yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. “Zhaojin Mining Industry International” kompaniyasi bilan oltin, mis, kumush va boshqa rangli metallarni qazib olish, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, xomashyoni chuqur qayta ishlash masalalari ko‘rib chiqildi. Kompaniya vakillari viloyatda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirib, noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Jizzaxga kelishni rejalashtirdi. Shuningdek, oltinni qayta ishlash, zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va ularni eksport qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
“Anhui Zhongjue Construction Engineering” kompaniyasi bilan muzokaralarda temir rudasi konlarini o‘zlashtirish, xomashyoni qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunday tashabbuslar amalga oshsa, viloyatning mineral-xomashyo bazasidan samarali foydalanish bilan birga, resurslarni oddiy xomashyo sifatida emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot shaklida iqtisodiy aylanmaga kiritishga xizmat qiladi.


Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish bo‘ldi. “Beijing Hrunan Technology” kompaniyasi bilan suvdan foydalanishni “aqlli” boshqarish, gidrologik va ekologik monitoring, irrigatsiya tizimlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Kompaniya tijorat banklari bilan hamkorlikda viloyatda pilot loyihani amalga oshirishni boshlagan. Shuningdek, 10 million AQSH dollari qiymatidagi investitsiya loyihasi doirasida gidrologik monitoring uskunalari va “aqlli” suv xo‘jaligi tizimlarini ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Viloyat rahbariyati ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi uchun muhim. Monitoring tizimlari va raqamli boshqaruv yechimlari suv sarfini nazorat qilish, mavjud resurslarni samarali taqsimlash hamda irrigatsiya jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, rejalashtirilayotgan ishlab chiqarish korxonasi nafaqat investitsiyaviy, balki hududning suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.


Qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida “Qingdao Wanlin Health and Wellness Industry Group” kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligi klasterini tashkil etish, zamonaviy parrandachilik majmuasini barpo qilish va turizm infratuzilmasini, jumladan, akvaparkni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya vakillarining joriy yil noyabr oyida Jizzax viloyatiga kelishini tashkil etishga kelishib olindi. Bu muzokaralarni aniq loyiha takliflari va amaliy o‘rganishlar bilan davom ettirish uchun imkoniyat yaratadi.
Delegatsiyaning Golmud shahridagi “JDB Group” kompaniyasi mineral suv ishlab chiqarish sanoat parki bilan tanishuvi ham amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Kunlun tog‘larida, dengiz sathidan qariyb 4200 metr balandlikda joylashgan majmuada mineral suv manbalari, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, mahsulotlarni qadoqlash jarayonlari va ishlab chiqarish quvvatlari o‘rganildi. Kompaniya mazkur sanoat parkiga 400 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan. Bu yerda bir sutkada 110 ming dona plastik idishda mineral suv ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu tajriba Jizzax viloyatida ham tabiiy suv manbalaridan foydalanish asosida yangi ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini baholashga turtki berdi. Xususan, Zomin tog‘ tizmalari hududida, Yettikechuv soyi atrofida mineral suv ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiyaviy loyiha muhokama qilindi. Kompaniya vakillarining viloyatga rejalashtirilgan safari davomida suv manbalarini joyida o‘rganish, laboratoriya tahlillarini o‘tkazish va qo‘shma loyiha yuzasidan takliflar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Demak, loyihaning keyingi bosqichida tabiiy manbaning xususiyatlari, suv sifati va ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini ilmiy-amaliy jihatdan baholash muhim o‘rin tutadi.


Pekin shahridagi “JDB Group” bosh ofisida o‘tkazilgan uchrashuvda ham kompaniya faoliyati, ishlab chiqarish salohiyati va xomashyoni qayta ishlashdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan texnologik jarayonlar bilan tanishildi. Tomonlar Jizzax viloyatida yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Iqtisodiy muzokaralar bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, investorlarni hududga jalb qilish va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Pekin shahridagi Xitoy Xalq yig‘inlari saroyida Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiyalar markazi raisi Long Yuxiang bilan o‘tkazilgan uchrashuvda iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yirik kompaniyalar bilan aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Xitoy investorlarini Jizzax viloyatiga jalb etish va hududning investitsiyaviy salohiyatini keng targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlandi.


Muloqotlarda 2026-yil 25-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tkazilgan tarixiy uchrashuvda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu esa erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish, hamkorlikni aniq vazifalar va loyihalar asosida davom ettirish zarurligini ko‘rsatadi.
Umuman, Jizzax viloyati delegatsiyasining Xitoydagi uchrashuvlari hududning investitsiyaviy imkoniyatlarini keng namoyon etish, yangi hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish va turli tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni muhokama qilishga xizmat qildi. Endi asosiy vazifa bildirilgan qiziqish va kelishuvlarni aniq texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar, investitsiya majburiyatlari hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan mustahkamlashdan iborat. Zero, xorijiy sarmoyaning samarasi faqat uning hajmi bilan emas, balki yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlari, yangi ish o‘rinlari, mahalliy xomashyoni qayta ishlash darajasi va hudud iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi bilan belgilanadi.
Jizzax va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida muhokama qilingan tashabbuslar ana shu mezonlar asosida amaliy bosqichga o‘tsa, viloyatda sanoatni diversifikatsiya qilish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri