Aziz va mo‘’tabar yurtimiz rassom nigohida
Dilorom Mamedova milliy ruhda ijod qiluvchi rassom. Uning asarlari har bir hamyurtimizning qalbiga g‘oyat yaqin va juda qadrdon.
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli rangtasvirchi rassom Dilorom Mamedovaning “Aziz o‘lkam ruhi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasida bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.
Aytish joizki, Dilorom Mamedova nainki mamlakatimiz, balki chet davlatlarda ham o‘z muxlislariga ega bo‘lgan ijodkordir. Uning betakror kartinalarida jonajon O‘zbekistonimizning go‘zal va maftunkor manzaralari, mahallalarimiz, chang tuproqqa to‘la eski, biroq bolalikni yodga soluvchi ko‘chalarimiz, uzum ishkomlari, fayz berib turgan, gulu rayhonlarga to‘la hovli-joylarimiz, o‘zbekona supalaru, tandirli o‘choqboshilar, oddiy, lekin juda odamiy hamyurtlarimiz bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.

Tabiatdagi turfa ranglarni boricha tasvirlash, muxlislariga yorqin va unutilmas taassurot ulashish, ularni tasviriy san’atning sehrli dunyosiga oshno etish Dilorom Mamedova ijodida ustuvor o‘rin egallaydi.

“Aziz o‘lkam ruhi” deb nomlangan mazkur ko‘rgazma tomoshabinni jonajon Vatanimizning chin ma’noda aziz va mo‘’tabar yurt ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilishga undaydi. Ko‘rgazmada rassomning 100 dan ortiq rangtasvir asarlari o‘rin oldi, ularning asosiy qismi ilk marotaba tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Ko‘rgazma bir oy davom etadi.

Nazokat Usmonova, O‘zA