“Ayritom”da yuk avtomashinasida yashirilgan og‘u topildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ko‘rpacha ostiga berkitilgan zahri qotil ushlab qolindi.
Chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida belgilangan nazoratdan o‘tkazilganida avtomashinaning kabinasi orqa o‘rindig‘idagi ko‘rpacha ostiga berkitilgan bir dona rangsiz polietilen o‘ram bilan o‘ralgan, o‘tkir hidli, to‘q jigarrang ashyo borligi aniqlandi. O‘ram ochilib, maxsus elektron tarozida o‘lchab ko‘rilganida og‘irligi 37 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik moddasi ekani ma’lum bo‘ldi.

– Og‘uning bir misqoli ham zahri qotil, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralov. – U kimnidir zaharlashi yoki kimningdir hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Bu kabi zararli mahsulotlarning mamlakatimizga g‘ayriqonuniy kirib kelishining oldini olish uchun bojxonachilar hamisha sergak turib, o‘z vazifalarini sharaf bilan bajarmoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri