“Ayritom”da yangi port nazorati guruhi tashkil etildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida yangi “Port nazorati guruhi” ish boshladi.
BMT narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hamda Jahon bojxona tashkilotining Konteynerlar tashishni nazorat qilish global dasturi doirasida barpo etilgan “Port nazorati guruhi”ning ochilish marosimida so‘nggi yillarda mamlakatimizda chegara bojxona postlarini zamonaviy usulda jihozlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“Port nazorat guruhi”larining asosiy vazifalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xavflarni boshqarishni yaxshilashga intilayotgan mamlakatlarda chegara nazorati salohiyatni oshirish, ta’minot zanjiri xavfsizligi va dengiz portlari, aeroportlar, quruqlikdagi chegara o‘tish joylarida noqonuniy tovarlarning transchegaraviy harakatlanishining oldini olish hamda tashqi savdoni yengillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi. Guruhning kelgusida kirib kelayotgan tovarlar va transport vositalari nazorati samaradorligini yanada oshirish, transchegaraviy jinoyatlarning oldini olish hamda xavfsizlikni ta’minlashiga ishonch bildirildi.
“Ayritom” chegara bojxona postida tashkil etilgan “Port nazorati guruhi”ga yangi kompyuterlar va uning qo‘shimcha jihozlari, uzunlikni, hajmni aniqlovchi asboblar, aloqa uskunalari, bojxona nazorati uchun zarur boshqa zamonaviy vositalar o‘rnatildi. Jahon bojxona tashkilotining “Container Comm” xavfsiz aloqa tizimiga ulandi. Bu tizim 70 ta davlatdagi port nazorati guruhlari bilan xavflarni boshqarish yo‘nalishida real vaqt ichida ma’lumot almashishni ta’minlaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hamda Jahon bojxona tashkiloti yangi guruhda xizmat olib borayotgan bojxona xodimlari uchun maxsus kurs tashkil etib, ularning malaka va kasbiy mahoratini oshirmoqda.
“Ayritom” chegara bojxona posti O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yagona nazorat-o‘tkazish punkti bo‘lib, temir yo‘l vagonlari, transport vositalari, shuningdek, fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri