Ayrim qonun loyihalari ma’qullanmadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator muhim qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochar ekan, dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostona sammiti hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki va o‘z nutqida ilgari surgan qator muhim tashabbus, takliflari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Mintaqa barqarorligini ta’minlashda o‘zaro hamkorlik va strategik sheriklikdagi sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Turli sohalardagi kelishuvlar ijrosini ta’minlashda milliy parlamentimiz va siyosiy partiyalar fraksiyalari ham faollik ko‘rsatishi zarurligini qayd etdi.

KELISHUV KOMISSIYASI TUZILADI
Shundan so‘ng yig‘ilishda «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilindi.
Mazkur qonun Oliy Majlis Senati tomonidan rad etilgan edi. Shuni hisobga olib, qonunga mas’ul — Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining Kelishuv komissiyasini tuzish taklifini ilgari surdi. Ayrim deputatlar qo‘mitaning taklifini rad etib, qonunning dolzarbligini inobatga olgan holda uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish taklifini bildirdi. Ba’zi xalq vakillari esa qonunning ayrim moddalarini yanada takomillashtirish zarurati mavjudligini qayd etib, Kelishuv komissiyasini tuzish ma’qulligini bildirdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng mas’ul qo‘mitaning taklifi ovozga qo‘yildi. Xalq vakillari mazkur qonun bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun belgilangan tartibda Kelishuv komissiyasini tuzish bilan bog‘liq taklifni ma’qullab, ovoz berishdi.
«QIZIL KITOB»GA KIRITILGAN HAYVONLARNI SAQLASH VA FOYDALANISH TARTIBI BELGILANADI
Yig‘ilishda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 43-moddasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, bioxilma-xillikni saqlash hamda ulardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yovvoyi hayvonlar, shu jumladan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning barqaror yashash sharoitlarini ta’minlash, ularning tabiiy populyatsiyalarini saqlab qolish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Narzullo Oblomurodov. — Biroq, ayrim fuqarolar tomonidan yovvoyi hayvonlarni xonadonlarda saqlab kelinayotganligi, ularni jamoat joylarida olib yurish holatlari sodir etilayotganligi hamda bu kabi holatlar atrofdagi boshqa fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganligi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qonunchilik hujjatlari o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini samarali amalga oshirish, yovvoyi hayvonlarni aholi turar joylarida saqlashda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish ko‘zda tutilgan. Masalan, yarim erkin sharoitda yoki tutqunlikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirokisiz, o‘zboshimchalik bilan chiqarib yuborish taqiqlanmoqda. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan hayvonlarni saqlash va foydalanish tartibini belgilashga, yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Deputatlar qonun loyihasi yuzasidan qator savollarni o‘rtaga tashladilar. Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng loyiha birinchi o‘qishda qabul qilindi.

ELEKTRON GAROV XATI KONSEPSIYASI JORIY QILINADI
Kun tartibidagi navbatdagi masala — “Ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi va kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— bugungi kunda ipoteka krediti bozori rivojlanib, kengayib bormoqda, — dedi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov. — Mazkur qonun loyihasi bilan «Ipoteka to‘g‘risida»gi qonunga onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markaziga borish orqali garov xatini rasmiylashtirish, garov xati bilan bog‘liq boshqa harakatlarni amalga oshirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda. Elektron garov xati konsepsiyasining joriy qilinishi garov xatini rasmiylashtirish, uni berish, qayta moliyalash jarayonini soddalashtiradi. Bundan tashqari, garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borish orqali rasmiylashtirish xarajatlarni kamaytirish, vaqtni tejash hamda garov xatidan foydalanish imkoniyatini oshiradi. Hozirgi paytda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan garov xatini rasmiylashtirish paytida tomonlarning ishtirok etishi, ariza beruvchilarning Kadastr organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi talab etiladi. Bu o‘z navbatida, bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Qonun loyihasidagi normalar tomonlarga mulk bo‘yicha mavjud yuklamalar haqida xolis va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Bunda samarali qayta moliyalashga to‘sqinlik qiluvchi qonunchilik talablari bekor qilinadi.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar loyiha yuzasidan ba’zi e’tirozlarini bildirdi. Undagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar aytildi. Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi qo‘mita taklifi ovozga qo‘yildi va ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullanmadi.
Majlisda shuningdek, yana bir qator qonun loyihalari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA