AYOQSHda benzindan «urib qolish» holati aniqlandi
Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasi inspektorlari tomonidan Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi “A.S” MCHJga qarashli shoxobchada o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida haydovchilarni aldash va qonun talablarini chetlab o‘tish holatlari aniqlandi.
Tekshiruv jarayonida AYOQSHda o‘rnatilgan “Lanfeng Fuel Dispenser” rusumli yoqilg‘i tarqatish uskunasi AI-92 markali benzinni belgilangan me’yorlardan kam miqdorda quyib berayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, korxonada qo‘llanilayotgan 5 dona o‘lchash vositasi belgilangan tartibda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmasdan, o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelingan.
Mazkur qonunbuzarliklar yuzasidan korxona rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida bayonnoma rasmiylashtirildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tuman sudi tomonidan ish hujjatlari ko‘rib chiqilib, tadbirkorga nisbatan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, holatga “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun talablari doirasida qo‘shimcha huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan materiallar tegishli nazorat organlariga taqdim etilgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA