Ayolni ulug‘lash – oilani, Vatanni ulug‘lash demak
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish, mustahkamlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari, “bugungi kunda muhtarama opa-singillarimiz jamiyatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida, boshqaruv tizimida, tadbirkorlik, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida, mahallalarda qanchalik fidokorona mehnat qilib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz", deya alohida qayd etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ulkan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayollarimiz davlat va jamiyat hayotida, ishlab chiqarish, ilm-fan, tadbirkorlik sohalarida katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda. Oila va ijtimoiy hayotda munosib o‘rin egallab, farzand tarbiyasi va turli jabhalardagi faoliyatini bir-biriga uyg‘un holda maromiga yetkazib ado etib kelmoqda. Bularning barchasi hur diyorimizda munis va muhtarama xotin-qizlarga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoit, imkoniyatlar tufayli amalga oshirilmoqda.
Bugun qo‘lga kiritilayotgan barcha yutuq va marralar, ulkan bunyodkorlik va islohotlar zamirida turli sohalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarimizning ham alohida o‘rni bor, albatta.
Yig‘ilishda Prezidentimiz mamlakatimizda ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning jamiyatimiz hayotidagi tutgan o‘rnini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, kamchiliklar, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar va galdagi vazifalarni belgilab berdi. Xususan, ayollar tadbirkorligi, ularni kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, “Ayollar daftari” tizimi doirasida amalga oshirilgan ishlar, yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash va boshqa qator amaliy ishlarni sanab o‘tdi va "Bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz zarur" dedi.
Darhaqiqat, jamiyat barqarorligi, taraqqiyoti ayollarga, oilaga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan baholanadi. “Yuksalish” umummilliy harakati yurtimizda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq quvvatlaydi va ayollar manfaatlarini himoya qilishni o‘zining oldida turgan eng ustuvor vazifalaridan biri, deb hisoblaydi. Chunki ayol – jamiyatning gultoji, millat davomchisi, hayotimizni ezgulik, yaxshilik, mehr-muhabbat, iffat-nafosat ila munavvar etuvchi muqaddas zot. Ayolni ulug‘lash – oilani, Vatanni ulug‘lash demak.
Tajibay Romanov,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi xududiy boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA