Ayollarning o‘rni va qadri yuksalmoqda
Keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yurtimizdagi barcha ayollarni quvontirmoqda. Buni ayollarimizning mehnati shaxsan Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilayotganidan ham yaqqol bilsa bo‘ladi.
Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda qatnashib, Prezidentimiz tabrigida aytilgan fikrlar ayollarni bundan keyin ham yurtimiz ravnaqi, obodligi yo‘lida yanada faol ishlashga undadi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, 2017 yilda xotin-qizlarning birgina, boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan – 37 foizga yetganini, 2 ming nafarga yaqin bilimli, tashabbuskor va faol ayollar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilayotgani hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini nazarda tutadigan bo‘lsak, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda erkin va farovon, demokratik, mamlakatni barpo etishda xotin-qizlarning ham beqiyos hissa qo‘shayotgani davlat darajasida qadrlanmoqda, deyish mumkin.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, “Ayollar daftari” yo‘lga qo‘yilganligi, xotin-qizlar bilan ishlashda “Mahallabay” tizimining joriy etilgani, tadbirkor xotin-qizlar uchun imtiyozli kreditlar berilayotgani, oliy o‘quv yurtlarida qizlar uchun qo‘shimcha kvotalar ajratilayotgani va bir qator mezonlar bo‘yicha shartnoma pullarining to‘lab berilayotganligi ayol-qizlarning doimo e’tibor markazida ekanligining amaldagi ifodasidir.
Prezidentimiz qizlarning sifatli ta’lim olishiga to‘xtalib, jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir” degan so‘zini bejiz yodga olmadi. Chunki ilmli ayollar jamiyatning ertangi egalarini dunyoga keltirib, yurtimiz ravnaqi, farovon hayotimiz yo‘lida xizmatda bo‘ladigan komil insonlarni tarbiyalaydi. Zero, ayol bu – go‘zallik, muhabbat, sadoqat va kuchli iroda timsoli va shuning barobarida millat tarbiyachisi. Unga ishonch bildirilsa, qaysi sohada bo‘lmasin albatta, muvaffaqiyatga erishadi.
Dilnoza Azizova,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish”
demokratik partiyasi Namangan
viloyati Kengashi raisi,
O‘zA