Ayollari faol jamiyatda yuksalish bo‘ladi
Har qanday rivojlangan davlat va jamiyatda xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadigan masaladir.
Sababi, yurt taraqqiyotiga daxldor barcha islohotlar va ularni amalga oshirish jarayoni avvalambor, ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan onalarimizga, ayollarimizga bevosita bog‘liqdir.
So‘nggi yillarda Prezidentimizning tashabbusi bilan xotin-qizlarimizning jamiyatda tutgan o‘rni, ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi faollik darajasi, qolaversa, ertangi kunimiz egalari bo‘lmish sog‘lom avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazishdagi hayotiy vazifalari izchil belgilanib, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlarning ko‘lami ortib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ayolni e’zozlash – sharqona madaniyatimiz va milliy qadriyatlarimizning eng e’tirofga sazovor jihatlaridan biri sanaladi. Mazkur bebaho an’ana qadim-qadimdan milliy davlatchiligimiz va jamiyatimizning rivojiga sezilarli ta’sir o‘tkazgan muhim omillardandir.
Aynan shuning uchun ham ayol - qizlar masalalari mamlakatimizda muntazam, davlat ahamiyati darajasida bo‘lib kelgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qolaversa, davlat rahbari ishtirokida 1 mart sanasidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishini ayni davrda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga tahlilliy nazar tashlab, istiqboldagi vazifalar belgilab olishga imkoniyat yaratdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu muhim farmon hamda davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda ko‘tarilgan ustuvor tashabbuslarnining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi markaziy apparatining majlislar zalida konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan yurtimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, qolaversa ayol-qizlarimizning sog‘lig‘ini saqlash va ularni kasbga o‘qitib, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish orqali, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar alohida e’tirofga sazovor bo‘lishi bilan bir qatorda partiya tomonidan ilgari surilgan aksariyat g‘oya va takliflar bilan hamohanglik kasb etishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, tadbirda partiya faollarining fikr-mulohazalari va takliflari tinglanib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
D.Mamatova, O‘zA