Ayollar futboli: “So‘g‘diyona-W” chempion
Jizzaxning “So‘g‘diyona-Woman” xotin-qizlar jamoasi finalda o‘ynamay turib, ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati g‘olibiga aylandi.
“So‘g‘diyona-W” jamoasi ayollar klublari o‘rtasidagi qit’a chempionati final bahsini joriy yil 4 oktyabr kuni Jizzaxda Tailandning “Osiyo olimlari kolleji-W” klubiga qarshi o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi.
OFK – Osiyo futbol konfederatsiyasi ushbu final bellashuvini o‘tkazmaslikni lozim topdi. Chunki OFK ayollar klublari o‘rtasida Chempionlar ligasi o‘yinlariga asos solish maqsadida uchinchi yildirki (2020 yil kovid tufayli o‘tkazilmadi) ayollar klublari o‘rtasida qit’a chempionatini tashkil etmoqda.

Ayollar klublari o‘rtasidagi ilk Osiyo chempioni Yaponiyaning “Tokio Verdi Beleza” jamoasi bo‘lsa, o‘tgan yili Iordaniyaning “Amman” ayollar klubi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Joriy yilgi bahslarning G‘arb mintaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Eronning “Bam Xotun” jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Bu ikki jamoa bilan bahslarda ishtirok etishi lozim bo‘lgan Hindistonning ayollar klubini OFK (ushbu davlatning barcha futbol klublariga qo‘shib) xalqaro musobaqalardan chetlatdi. Fors ayollari bilan o‘tgan bahsda esa O‘zbekiston klubi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib chiqdi.
Sharq mintaqasida esa Tailandning “Osiyo olimlari kolleji” klubi Tayvan hamda Myanma jamoalaridan ustun kelib, o‘z mintaqasi g‘olibiga aylandi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi har ikki mintaqa g‘oliblarini alohida-alohida taqdirlashni lozim topdi. Shu tariqa ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati G‘arb mintaqasi g‘olibi deb “So‘g‘diyona-W” hamda Sharq mintaqasi g‘olibi sifatida “Osiyo olimlari kolleji-W” xotin-qizlar klublari e’tirof etildi.
Shu bilan birga, OFK kelgusi yildan ayollar klublari o‘rasida Chempionlar ligasi bahslarini o‘tkazishning uddasidan chiqsa, bu 2 klub – O‘zbekistonning “So‘g‘diyona-W” hamda Tailandning “Osiyo olimlari kolleji-W” klublari qit’aning ushbu nufuzli musobaqasida o‘z mamlakatlari chempionatida qanday natija qayd etishlaridan qat’iy nazar, ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritdi.
A.Qayumov, O‘zA