“Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning barchasi ishli bo‘ldi
Bu haqda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bektosh Toshqulov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, viloyatdagi hududiy davlat soliq xizmati organlari mas’ul bo‘lgan 4-sektorlar hududida 261 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularda 881 ming aholi istiqomat qiladi. Sektor hududidagi mahalla faollari bilan hamkorlikda besh mezon bo‘yicha 11833 ehtiyojmand oila aniqlangan. Bu oilalarga yordam berishda asosiy e’tibor fuqarolarning doimiy daromadga ega bo‘lishlariga qaratilib, ehtiyojmand oilalarning mehnatga layoqatli 15555 nafar a’zosining 15491 nafari ishga joylashtirilgan.
Yil boshidan buyon “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning 1226 tasiga 2 253 milliard so‘mlik asbob-uskunalar berilgan. Iqtisodiy ahvoli yaxshilangan muhtoj oilalarni bosqichma-bosqich “Temir daftar”dan chiqarish bo‘yicha “Vaqtinchalik tartib” asosida ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
bugungi kunda, mahalliy kengashlar qarori bilan doimiy daromadga ega bo‘lgan 10 ming 537 ta oila “Temir daftar”dan chiqarilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning jamiyatda faolligini oshirish maqsadida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Belgilab berilgan tizim asosida sektor hududi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 213 ming 546 ta oilada to‘liq o‘rganish o‘tkazildi. Ushbu anketa-so‘rovnomalar natijasida ayollarning muammolari aniqlanib, 8 ming 244 nafar xotin-qiz 9 ta toifaga ajratilgan holda “Ayollar daftari” platformasiga joylashtirilgan.
2021 yil 1 iyun holatida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 4472 nafar ayollarning barchasi ish bilan ta’minlangan. Jumladan, ularning 1744 nafarini bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirish, 652 nafarini kasb-hunarga o‘qish, 1698 nafari tadbirkorlik qilishi uchun kredit ajratish, 378 nafarining tomorqasidan foydalanish hisobiga bandligi ta’minlandi.
G‘.HASANOV,
O‘zA