“Ayollar daftari” ijtimoiy himoyaning samarali tizimi
Bugungi kunda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tizimli hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, joriy qilingan “Ayollar daftari” mexanizmi mamlakatimizda ayollar bilan manzilli ishlashning samarali amaliyoti sifatida o‘zini to‘liq oqlamoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatida ham mazkur tizimning oltinchi bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasi buni yaqqol tasdiqlaydi.
Tizimning oltinchi bosqichi doirasida jami 30 mingdan ortiq xotin-qiz qamrab olinib, ulardan 99,7 foizining muammolari hal etildi. Bu ishlar uchun qariyb 21,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

– “Ayollar daftari”ning asosiy maqsadi ijtimoiy qiyin ahvoldagi, ishsiz yoki ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolarini aniqlash va ularga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat. Bu jarayonda xatlov ishlarining to‘g‘ri tashkil etilishi va har bir ayolning holati individual o‘rganilishi muhim ahamiyatga ega, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyorova. – Navoiy viloyatida 30 ming 137 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, amaldagi tartibga muvofiq, xotin-qizlar 6 toifaga ajratilgan. 1-toifaga kiritilgan 10 ming 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlarning 10 ming 946 nafarining bandligi ta’minlandi Ularning 4 ming 981 nafari esa doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 980 nafari kasbga o‘qitildi.

2-toifadagi tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 848 nafar ayollarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 13 milliard so‘mdan ziyodroq kredit ajratildi. 3-toifa – 4 ming 930 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayollarga 3,1 milliard so‘m moddiy yordam berilib, 107 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi. 4-toifaga kiritilgan 10 ming 615 nafar nogironligi bo‘lgan yoki tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga 6,8 milliard so‘mlik moddiy yordam ajratildi va 115 nafarining uylari ta’mirlandi. 5-toifadagi 279 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga 651 million so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, so‘nggi toifadagi 2 ming 515 nafar nogiron farzandi bo‘lgan ayollarga 1,5 milliard so‘m moddiy yordam berildi, ko‘pchiligi tomorqada mehnat bilan band qilindi.

Shuningdek, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 24 ming 462 nafariga turli tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan va bu yo‘nalishga 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Albatta, xotin-qizlar muammolarini hal etishda “Ayollar maslahat kengashi” hamda mahalliy hokimliklar, tashkilot va korxonalar rahbarlari, shuningdek, jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu hamkorlik orqali har bir ayolning muammosi alohida o‘rganilib, yechim topmoqda.

Eng muhimi, mana shunday tizimli yondashuv orqali ko‘pchilik xotin-qizlarimiz mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topgan bo‘lsa, aksariyati o‘z biznesini boshladi yoki ijtimoiy yordam orqali turmush darajasi sifatini yaxshiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA