Ayollar bandligi – muhim masala
Sog‘lom bola yilida ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida Surxondaryo viloyatida xotin-qizlar uchun 28 ming 175 yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Sog‘lom bola yilida ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida Surxondaryo viloyatida xotin-qizlar uchun 28 ming 175 yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish hisobiga mingdan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlandi, – deydi viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Xo‘jaqulov. – Kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish, servis va xizmat ko‘rsatish, kasanachilik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jarqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan “Tela textile” O‘zbekiston-Bolgariya qo‘shma korxonasida 73, “Sho‘rchipaxta” aksiyadorlik jamiyatida 63, Termiz shahridagi “Kamozul-Saydil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 38, Denov tumanidagi “Chehra” xususiy korxonasida 23 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. “Uzunpaxta”, “Surxondaryodonmahsulotlari”, “Turon” aksiyadorlik jamiyatlari, “Inter silk pro” qo‘shma korxonasi va “Xo‘jaikontuz” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etilgan yangi ish o‘rinlariga 110 dan ortiq xotin-qiz qabul qilindi.
Viloyatda yengil va oziq-ovqat sanoati, servis va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Xususiy sektorda ana shu sohada faoliyat yuritayotgan ishbilarmon ayollar moliya muassasalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ularga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilayotgani ham yangi ish o‘rinlari yaratishda qo‘l kelmoqda.
– Termiz iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirib, tikuvchilikni yo‘lga qo‘ydim, – deydi yosh tadbirkor Mahbuba Qarshiyeva. – “Mikrokreditbank” Termiz shahar bo‘limidan olingan kredit mablag‘i ish boshlashimda katta ko‘mak bo‘ldi. Ayni paytda zamonaviy dastgohlar yordamida xotin-qizlar, bolalar uchun bejirim kiyim-kechaklar, buyurtma asosida rang-barang darpardalar tayyorlamoqdamiz. Biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan bunday ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 236 nafar tadbirkor ayolga 40 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i ajratilgan. Ana shu mablag‘ning 3 milliard 179 million so‘mi “Mikrokreditbank” sarmoyasidir.
– Xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova. – Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida mahallalarda ish bilan ta’minlanmagan ayollar bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Tikuvchilik-bichuvchilikka qiziqishi bo‘lgan, lekin imkoniyati yetmay turgan xotin-qizlar uchun barcha tumanlar va Termiz shahrida kamida yuztadan zamonaviy tikuv dastgohini o‘rnatish manzilli dasturi ishlab chiqilgan. Yilning o‘tgan davrida 850 dan ortiq zamonaviy tikish-bichish dastgohi keltirib o‘rnatildi. Natijada 900 ga yaqin opa-singillarimiz ishli bo‘ldi.
Viloyatda ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar xotin-qizlarga ish o‘rinlari yaratish bilan birga ichki bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini berayotir. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, dasturda belgilangan vazifalarga yuzaki qarayotganlar ham uchrab turibdi. Jumladan, Denov tumanida uchta, Qiziriq tumanida o‘nta loyihadan birortasi, Muzrabot, Qumqo‘rg‘on, Uzun tumanlarida esa beshtadan loyiha amalga oshirilmagani ayrim mutasaddilarning ushbu muhim masalaga e’tiborsizligidan dalolat beradi.