Ayoli e’zozlangan yurt buyuk bo‘ladi
Buxoroda “Ayoli e’zozlangan yurt” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. San’at ustalari tomonidan kuylangan dilbar navolaru buxorocha kuy-qo‘shiqlar, sportchi qizlarning ko‘rgazmali chiqishlari barchani Favvoralar maydoniga chorladi.
Tadbir doirasida xotin-qizlar uchun hamkor tashkilotlar tomonidan “Huquqiy maslahat burchaklari”, bepul tibbiy ko‘riklar hamda ishsiz xotin-qizlar uchun mehnat yarmarkasi, kasb-hunar yo‘nalishi ko‘rgazmalari tashkil etildi. Havaskor rassomlar chizgan rasmlar barchaga manzur bo‘ldi.
Tadbirda viloyat tuman-shaharlaridan ishtirok etgan “Oqila ayollar” harakati a’zolari, otinoyilar, ixtirochi, olima, faol, tadbirkor ayollar, ayollarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanayotgan xotin-qizlar so‘zga chiqdi. Ular yaqinda bo‘lib o‘tadigan referendumga befarq emasliklarini bildirdi.
Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi oilaviy poliklinikalarida faoliyat ko‘rsatayotgan malakali tibbiyot xodimlari tomonidan tadbir doirasida 150 ga yaqin ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan ayollarga ambulator davolanish uchun tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik jarayonida tibbiyot xodimlari tomonidan sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha ko‘rgazma tashkil qilinib, xotin-qizlar bilan sog‘lom turmush tarzi borasida suhbatlar o‘tkazildi, bukletlar tarqatildi.
[gallery-11627]
Viloyat adliya boshqarmasi tashkil etgan “Huquqiy maslahat burchagi”da 100 nafarga yaqin xotin-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy savollar bilan murojaat qilib, tegishli javob oldi.
Tadbirda Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazining bepul o‘qitiladigan kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazmali namoyishlari ko‘pchilikka katta qiziqish uyg‘otdi.
– Monomarkazda servis va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha 14, texnik, qishloq xo‘jaligi va umumqurilish sohasi bo‘limida 11 ta, tadbirkorlik va migratsiya xizmatlari bo‘yicha jami 30 turdagi kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi monomarkazning servis va xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Umida Rahmatova. – Shuningdek, tinglovchilar bu yerda xorijiy tillar va raqamli texnologiyalarni o‘rgatish bo‘limida 5 ta tilni o‘rganishi (rus, ingliz, nemis, koreys, yapon) va 3 ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil olishi mumkin. Hunarmandchilik markaziga aylantirilgan “Modarixon” madrasasida esa 7 ta yo‘nalishda hunarmandchilik bo‘limi faoliyat yuritmoqda. O‘tgan davr mobaynida monomarkazni “Ayollar”, “Yoshlar” va “Temir” daftarda turgan fuqarolardan 406 nafari bitirib, ularning 80 foizdan ortig‘i o‘zini o‘zi band qilgan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va subsidiya olishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni kunlarda monomarkazda 32 nafar nogironligi bor xotin-qizlar kasb-hunar o‘rganmoqda.
Tuman-shaharlar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ish izlab yurgan xotin-qizlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA