Ayol rassomning ilhom yo‘li
“Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, rassom Nodira Oripova bilan suhbat.
Ranglar ortida qanday qismat yashiringan? Ayol rassom bo‘lish osonmi? Tunlarni bedor o‘tkazib, ijod bilan yashash, ertalab esa yana hayotning boshqa mas’uliyatlariga shoshilish... Bu mashaqqatli yo‘lda kim uning eng katta tayanchi bo‘ldi? Bugun o‘zini erkin ijodkor deb biladigan rassom Nodir Oripova qanday asarlar ustida ishlayapti? Ilhom qayerdan keladi? Ijodkor uchun erkinlik nimani anglatadi? Bu suhbatda siz nafaqat bir rassomning hayot yo‘li, balki sabr, mehnat va san’atga sadoqat haqidagi samimiy mulohazalar bilan ham tanishasiz. Ranglar ortidagi haqiqiy hayotni kashf etish uchun maqolani albatta o‘qing. Balki bu suhbat sizga ham yangi ilhom bag‘ishlar.
Iste’dodli rassom va pedagog Nodira Oripova 1959-yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1980-yili P.Benkov nomidagi Teatr va rassomchilik institutini 1986-yilda tamomlagan. 1999-yildan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ijodkorlar uyushmasi a’zosi. Bir qancha Respublika va xalqaro ko‘rgazmalar qatnashchisi. 2011-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Asarlari AQSH, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Turkiya kabi ko‘plab mamlakatlarning muzey va shaxsiy galereyalarida saqlanadi.
—Nodira opa, uyingizning yonginasidan anhor suvi o‘tar ekan. Tabiatning sizga go‘zal in’omi bo‘lsa kerak bu. Bunday ajib manzara ijodkor ruhiyatini yayratadi. Axir, tabiat poklik va ichki ozodlik timsoli. Har qanday rassom tabiatdan nimadir oladi, shunday emasmi? Nimalar kechyapti xayolingizdan? Mana shunday manzarani ko‘rganda odamning xayolidan ko‘p narsa o‘tadi-da, yoshlik, qiynalgan paytlar, shodlik, maktabda o‘qib yurgan kezlar, ota uy, bolalik yoki ilk muhabbat. Nima dedingiz?
—To‘g‘ri aytdingiz. Tabiat faqat go‘zallik emas, bitmas tuganmas xazina, beadoq ilhom, qalbga orom va shiddat beruvchi kuch. Men ham sevaman tabiatni. Har bir rassom ijodga kirib kelar ekan tabiatning unga ta’sir etuvchi omillari ko‘p bo‘ladi. Mening rassom bo‘lib shakllanishimda o‘z oilam, oiladigi muhit sabab bo‘lgan. Men o‘qituvchilar oilasidan chiqqanman. Ota-onam har doim kechki payt rasm chizib o‘tirishardi. Men ularga yordam berardim. Shu tariqa qiziqib ketganman. Qo‘limga qalam yoki mo‘yqalam ushlaganimni, qiziqishimni ko‘rib, onam Kattaqo‘rg‘on shahridagi pionerlar saroyiga rassomlik to‘garagiga olib borgan. U yerda rassom Vasiliy Petrovich dars bergan. U menga naturadan chizishni o‘rgatgan. Shu inson ijodga kirib kelishimga turtki bo‘lgan. San’atga bo‘lgan qiziqishimni kuchaytirgan. Keyinchalik Pavel Benkov nomli bilim yurtida o‘qidim. Manzarachi rassom Ne’mat Qo‘ziboyev ustozim bo‘lgan. Qachon tabiat quchog‘iga chiqsam ustozni eslayman. Tabiatga chiqsang, ilhom keladi, fikr yangilanadi. Har faslning o‘z chiroyi bor. Qish o‘zining beqiyos oqligi bilan yurakni to‘lg‘onlantirgan. Bahor kelishi bilan tabiat uyg‘onadi, yashil, qizil, pushti ranglar paydo bo‘ladi. Bu, albatta, insonga ta’sir qiladi. Ijodiy ishlarga turtki bo‘ladi. Xuddi shuningdek, yozgi sariqlikdan chiqib, kuzga kirishi bilan yana daraxtlar qizil va olov tusga belanadi. Mevalar pishadi. Har bir fasl rassomga qaysi tarafdandir ta’sir ko‘rsatadi.
—“Dialog” nomli asaringizni ko‘rgan odam hayratlanadi: gullarga o‘rangan malika. Qo‘lida sehrli qushcha. Malika sehrli qushcha bilan sirlashayotgandek. Bunday holatlar ertak va afsonalarda uchraydi. Lekin afsonani tasvirda kuylash, bu, avvolo, mehr va mehnat bilan birga, go‘zallikni ilg‘ash hamda muhabbat va xalqimiz tarixini yaxshi bilish, milliy liboslarimizni hurmat qilishni ham talab kiladi. Shunday emasmi? Shu asar haqida o‘zingiz nima deysiz?
– Har bitta kartinani yuzta odam ko‘rsa, yuz xil qabul qiladi. Siz hozir shoirona ruh bilan talqin qildingiz. Meni esa muallif sifatida qo‘shimcha fikrlarim bor. Bu asar ekologiyaga bag‘ishlangan. Qushcha tabiatning elchisi, vakili tarzida menga murojaat qilyapti. Ekologiyani asrash hozir faqat bizning hududimizdagi muammo emas, balki butun dunyo muammosi. Albatta, uni tragediya holatida yoki qoramtir, ko‘kimtir ranglar bilan ishlasa ham bo‘lardi. Lekin men o‘z tabiatimga ko‘ra, uslubimga mos ishladim. Ayol obrazi va uning bayramona liboslari tabiat ulug‘ligiga ishora. Gullar o‘z bog‘imda chirmashib o‘sadigan gul. “Dialog”ni tabiatga doir turli fikrlar, muammolarga munosabat sifatida ishlaganman.
— “Do‘ppilarim” degan kartinangizdagi rang-barang do‘ppilarni ko‘rib, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasida bayon etilgan quyidagi so‘zlar esimga tushdi:
“Qayga bormay boshda do‘ppim,
G‘oz yurarman gerdayib,
Olam uzra dong‘i ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim,” — deydi ardoqli shoir.
Shoirning shu so‘zlari ham sizga ilhom bermaganmi, degan o‘y o‘tdi hozir xayolimdan. Juda milliy va iftixor qiladigan asar bo‘libdi. Asaringizning yaratilish jarayoni to‘g‘risida ko‘proq bilgim kelyapti.

— Hamma rassom viloyatlarga chiqadi, ijodiy safarlarda bo‘ladi. Men qaysi viloyatga borsam do‘ppisi yoki choponini xarid qilib kelaman. Yig‘ilgan do‘ppilar, choponlardan natyurmort sifatida ishlab ko‘rdim. Kichkina natyurmort natijasida ikkinchi g‘oya paydo bo‘ldi. O‘zbegim ayollari bilan birgalikda ishlash fikri tug‘ildi. Ko‘rib turganingizdek, har bir do‘ppining rangi, shakli-shamoyili bor. Qashqadaryo bilan Surxondaryoda eng yorqin ranglarni yoqtirishadi. Do‘ppilarda ham shu narsa aks etgan. Bu ranglar vohaning tabiatiga xos. Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida moviy ranglarni yaxshi ko‘rishadi. Bu so‘zanada, kashtalarda va do‘ppilarda ham aks etadi. Samarqand, Buxoroda zardo‘zlik, yaltir-yultirlarni yaxshi ko‘rishadi. Bitta asar, ikkinchi asarning yaralishiga turtki bo‘ladi. Xorazm cho‘girmalari ham juda ajoyib. Qoraqalpoqlarning bosh kiyimlari ham o‘zgacha san’at asari.
—Hassos shoiramiz Jahon Otin Uvaysiy bekorga:
Ul na gumbazdur eshig-u, tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgunpo‘sh qizlar, manzil aylabdur makon?
Sindirib gumbazni qizlar holidin olsam habar,
Yuzlariga parda tortig‘liq turarlar, bag‘ri qon — demaganlar-da anor chistonida.
— To‘g‘ri bir zamonlar ayollarga qiyin bo‘lgan. Bugun zamon boshqa, davron boshqa. Men baxtiyor ayollarimiz obrazini anor vositasida mukammal tasvirlashni orzu qilaman. Ayniqsa gullaganda va bag‘riga qaraganda.
— Nodira opa, bu yerda sizning o‘zbek ayollarini eng go‘zal obrazlari tasvirlangan san’at asarlaringiz bor. Yodimga yana bir shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning “Muqaddas ayol” she’ri esimga tushdi.
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol! — deb hayqirgan ardoqli opamiz.
— Haqiqatdan ham ayol - muqaddas! Samarqand malikalari obrazlaridagi tarixiylik bilan zamonaviylikning badiiy talqinda mukammal tasvirlangandir.
— Masalan, “Sanamlar sayri” asaringizda ayollar liboslari xuddi musiqa kabi eshitilib turgandek bo‘ladi. Buni topish, ya’ni Amir Temur, Bibixonim yashagan davr yoki Barchinoy yashagan afsonalarni eslash uchun odamda katta ilm bo‘lishi kerak. Rassomga ilhom beradigan yana qandaydir ilhom baxsh nishon bormi? O‘sha nuqta qayerda? Siz ilhomni qayerdan olasiz?
— Albatta, har qanday rassomga ilhom manbai kerak. Men uchun shunday manbalardan biri Samarqanddagi Afrosiyob suratlaridir. Shu suratlarni har gal ko‘rganimda juda qattiq ta’sirlanaman. Qadim devorlarda shohlar, malikalar jonlangandek tasavvurga ega bo‘laman. Devoriy suratlardan ilhomlanib “Sanamlar sayri” yaratilgan. Afsuski, Afrosiyobda devoriy suratlarning bir qismi saqlanib qolgan. Qolganini beshavqat vaqt yuvib yuborgan. “Sanamlar sayri” asarimda har bir ayolning o‘ziga xos sir-sinoati, ichki ruhiyatini ko‘rsatishga intilganman. G‘arb va Sharq san’atini bitta kartinaga joylashtirishga harakat qilganman. Kamoliddin Behzod, Muzaxxib kabi rassomlarning ishlarini kuzatish asosida shunday asarlar dunyoga kelgan. Ayollar qanday libosda bo‘lganini o‘rgandim. Ozgina zamonaviylashtirdim. Milliy kiyimlarimiz meni ko‘proq ilhomlantiradi. Taqinchoqlar, atlas va adraslarimiz men uchun qadrli. Menga ilhom manbai.
—Ayol rassomlarimiz yildan yilga ko‘payib bormoqda. Ayol rassom bo‘lishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Chunki ayol ona, u bolalarini tarbiyalashi kerak, uy yumushlari... Siz 28 yil davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida talabalarga dars berdingiz. “Dunyodagi 100 ayol rassom” kitobiga kirdingiz. Yutuqqa erishish oson bo‘lmagandir?
— Ijodkor avvalombor, kasbiga sodiq bo‘lishi kerak. Har qanday sharoitda chegaralanib qolmasligi kerak. Aytaylik, siz shoirsiz, ijodkorsiz, boshqa kasb egasi ham bo‘lishingiz mumkin. Bitta qalam bilan siz ijod qila olasiz. Lekin rassomga keng sharoit kerak. Ustaxona, yorug‘lik, mablag‘ kerak. Ya’ni, matolar, bo‘yoqlar kerak. Bularning hammasi bo‘lsagina to‘laqonli ijodkor bo‘la olasiz. Bu masalada oilam har doim meni qo‘llab -quvvatlagan. Kerakli sharoitlar yaratib bergan. Har doim o‘z imkoniyatimni ijodga bag‘ishlay olganman. Kompozitsiya, qalamtasvir, rangtasvir fanlaridan dars berish jarayonida ham izlanganman. Talabalarga nimadir berish uchun o‘zingizga bilim yetarli bo‘lishi kerak-da.

Dars berish ham bilim manbaini kuchaytirishga yordam beradi. Yaqinda “Oqsaroy malikalari” deb nomlangan asarni ishlay boshladim. Mendan ko‘k saroy malikasi, yashil saroy malikasi, har xil saroylar malikasi bor, lekin oq saroy malikasi yo‘qmi, deb ko‘p so‘rashadi. Shu mavzu o‘zimni ham o‘ylantirib yurardi. Shahrisabzdagi Oqsaroyni tasvirlash rejamda bor. Eskizlar ishlaganman. Umuman olganda ayol, ulug‘. Har bir ayol o‘z oilasining malikasi. “San’atimiz malikalari” turkumini yaratishni ham niyat qilganman. Juda taniqli aktrisalarimiz bor. Qo‘shiqchilarimiz bor. Ularni tasvirlash uchun suhbat qilishim, ko‘rishib gaplashishim kerak.
— Asarlaringizda “Anor” tasviri ko‘p uchraydi. Buning sababi nima?
— Bekorga anor — jannat mevasi, deyilmaydi. Anorning shifobaxsh xususiyatlari, foydali taraflari oz emas. Anor aslida mevaning bir turi. Ammo shoirlar kabi rassomlar ham anorni ramziy ma’noda oila ramzi, mehr-muhabbat ramzi sifatida ishlatadi. Men ham ijodimda anorga ko‘p murojaat qilganman. Oldin natyurmort shaklda ishladim. Keyinchalik kompozitsiyalarimga kirdi. Anor meni rangi va jozibasi bilan qiziqtiradi. Ayniqsa tars-tars yorilgan anor ichidagi mevalari! Qip-qizil, juda chiroyli. O‘ndan ortiq shu mavzuda asar yaratgan bo‘lsam-da, anorning jozibasiyu, chiroyini ko‘rsata oladigan asarni yarata olganim yo‘q.

— Nodira opa, asarlaringizni kuzatib, sizni “Ayol baxtining kuychisi” degim kelyapti. Asarlaringizning aksariyatida o‘zbek ayollarining sharqona obrazini aks ettirgansiz. Ularga qarab O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Ayol” she’ridagi:
“Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda,
Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol”, — degan satrlari yodimga tushdi. Haqiqatan ham sizdek mehnatkash va talantli ayollar bo‘lmasa, ayol zoti bunchalar muhtaram bo‘lmasdi.
Munira RAMAZONOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.