Ayol qadri — jamiyat tayanchi
Jamiyat taraqqiyoti, oila farovonligi va kelajak avlod tarbiyasida ayollarning o‘rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biriga aylandi.
Bugungi kunda “Ayollar daftari” tizimi minglab xotin-qizlarning hayotida haqiqiy o‘zgarishlar yaratayotgan, ularning muammolarini hal qilish va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan samarali ijtimoiy mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Buxoro viloyatining Olot tumanida “Ayol qadri — jamiyat tayanchi” shiori ostida keng qamrovli tadbir tashkil etildi. Unda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichiga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash va huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslar amalga oshirildi.
Tuman “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da o‘tkazilgan mazkur tadbirda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichini tashkil etish bo‘yicha viloyat shtabi rahbari Shavkat Javlonov, Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, daromad keltiruvchi mehnat qurollari va uskunalari ko‘rgazmasi, tibbiy ko‘riklar, psixologik maslahatlar va huquqiy yordam xizmatlari tashkil etildi.
Bu esa ishtirokchi xotin-qizlarga bir vaqtning o‘zida ish topish, tadbirkorlikni boshlash, salomatligini tekshirish va o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha maslahat olish imkonini yaratdi.
Tadbirning asosiy e’tibor markazida xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash masalasi bo‘ldi.
Jumladan, ijtimoiy ahvoliga ko‘ra “Ayollar daftari”ga kiritilgan 82 nafar xotin-qiz bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi va o‘zlariga mos mehnat faoliyati turlarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, ishtirokchilarga imtiyozli kredit mablag‘lari asosida o‘zini o‘zi band qilish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mehnat qurollari va ishlab chiqarish uskunalari ko‘rgazmasi esa tadbirkorlikni boshlash niyatidagi xotin-qizlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar tomonidan ularga biznes reja tuzish, mahsulot ishlab chiqarish va bozorga chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida xotin-qizlar salomatligiga ham alohida e’tibor qaratildi.
82 nafar ishtirokchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Mutaxassis shifokorlar tomonidan sog‘liq holati yuzasidan tavsiyalar berildi, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika choralariga oid tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, 42 nafar xotin-qizga tibbiy-psixologik maslahatlar berilib, ularning ruhiy holatini yaxshilash, turmushda uchrayotgan muammolarni yengib o‘tish va hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri huquqiy yordam xizmatlari bo‘ldi.

55 nafar xotin-qizga mehnat munosabatlari, tadbirkorlik faoliyati, kredit olish tartibi, mulkiy huquqlar va ijtimoiy kafolatlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Mutaxassislar har bir murojaatni atroflicha o‘rganib, muammolarni hal etishning aniq mexanizmlarini tushuntirishdi. Bu esa xotin-qizlarning huquqiy bilimini oshirish va o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Tadbir davomida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Xotin-qizlar tomonidan bildirilgan murojaatlar, ijtimoiy va iqtisodiy muammolar diqqat bilan tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday muloqotlar aholi bilan davlat idoralari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, muammolarni joyida hal qilish va inson manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirning eng ta’sirli lahzalaridan biri o‘z mehnati va intilishi bilan hayotini o‘zgartirgan ayollarni taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Avvallari “Ayollar daftari” orqali moddiy yordam olgan, keyinchalik esa o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, oilasi uchun barqaror daromad manbai yarata olgan tashabbuskor xotin-qizlarga tuman hokimining tashakkurnomalari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Bu e’tirof nafaqat ularning mehnatiga berilgan yuqori baho, balki boshqa ayollar uchun ham kuchli motivatsiya va ilhom manbai bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri