Axsikentda tarix o‘z sirlarini ochmoqda
Namangan viloyatiga qilgan safarimiz davomida Axsikent arxeologiya yodgorligiga tashrif buyurdik. Qadimiy shahar xarobalari orasida yurarkansiz, bu yerda hali ochilmagan sirlar qanchalik ko‘pligini his etasiz. Asrlar davomida tuproq bag‘rida saqlangan har bir topilma, har bir g‘isht parchasi ajdodlarimiz hayoti, tafakkuri va yuksak madaniyati haqida so‘zlab turganday.
Bugun Axsikent nafaqat olimlar, balki mahalliy va xorijiy sayyohlarning ham katta qiziqishiga sabab bo‘layotgan maskanga aylanyapti. Bu yerda olib borilayotgan tadqiqotlar esa 3000-yillik tarixning hali bizga noma’lum bo‘lgan sahifalarini ochishda davom etmoqda.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan qazuv ishlari natijasida noyob arxeologik topilmalar aniqlandi. 11- qazuv ob’ektida kengligi 2,3 metr bo‘lgan zinapoya ochilib, yer sathidan to‘rt metr chuqurlikkacha qazish ishlari olib borilganda butun holatda saqlangan arkasimon yerosti yo‘lagi topildi. Keyinchalik qariyb 10 ming kub metr tuproq chiqarilib, ushbu yo‘lakning 12 pog‘onasi to‘liq ochildi.
Tadqiqotlar davomida mazkur yo‘lakdan yetti metr Sharq tomonda yana ikkita arkasimon yerosti yo‘llari ham aniqlandi. Mutaxassislar fikricha, bu inshootlar yagona muhandislik tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, o‘zaro bog‘langan bo‘lishi mumkin.
Topilmalarning eng diqqatga sazovor jihati shundaki, barcha yerosti yo‘laklari pishiq g‘ishtdan qurilgan. Ularning arkasimon me’moriy yechimi va muhandislik aniqligi o‘rta asrlarda shaharsozlik madaniyati yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Avvalgi qazuv ishlari chog‘ida ham pol osti isitish tizimi, nafis sopol quvurlar, murakkab sanitariya inshootlari hamda zamonaviy rakovinalarga o‘xshash qo‘l yuvish qurilmalari aniqlangani Axsikent aholisi yuqori turmush madaniyati va taraqqiy etgan muhandislik yechimlariga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bu yerda turib inson beixtiyor o‘yga toladi: ming yillar muqaddam yashagan ajdodlarimiz qanday bilim va tajribaga ega bo‘lganki, bugun ham mutaxassislarni hayratga solayotgan yechimlarni yarata olgan?
Toshkent shahridan kelgan sayyoh Muhabbat Qahhorovaning ta’kidlashicha, Axsikent haqida eshitganlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish unda unutilmas taassurot qoldirgan.
– Rostini aytsam, bu yerga kelguncha Axsikent haqida bunchalik katta tasavvurga ega emas edim, – deydi u. – Yer ostida saqlanib qolgan inshootlar, o‘rta asrlardagi muhandislik yechimlari haqida eshitib, ajdodlarimizning qanday yuksak tafakkur sohiblari bo‘lganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bu yerdan katta g‘urur va hayrat bilan qaytyapman.

Yodgorlik bo‘ylab ekskursiya davomida nazoratchi Gulchehra Mamadiyevaning hikoyasi ham sayyohlarni chuqur o‘yga toldirdi.
– Rivoyatlarga ko‘ra, bir kechada yuz bergan kuchli zilzila oqibatida shahar yer bilan yakson bo‘lgan, – deydi u. – Keyinchalik bu yerga kelgan karvonlar gullab-yashnagan shaharning qayerga yo‘qolganini anglolmay hayratda qolgan. Albatta, bu haqda turli ilmiy qarashlar mavjud. Ammo Axsikent taqdiri haqidagi bunday hikoyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otadi.
Uning aytishicha, bugun Axsikentga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar soni tobora ortib bormoqda. Ular qadimiy devorlar va qazuv maydonlarini tomosha qilish bilan birga, bu yerda yashagan ajdodlar hayoti, urf-odatlari va tarixiy voqealar haqidagi hikoyalarni ham katta qiziqish bilan tinglaydi.
Ayni paytda umumiy maydoni 132,4 gektarni tashkil etuvchi Axsikent arxeologiya parki hududida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Yodgorlik hududida 9 ta ochiq osmon muzeyini tashkil etish loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Yerosti suv inshootlari, mudofaa devorlari, turarjoy qoldiqlari, gumbazli tagxonalar, devoriy rasmlar va qadimgi suv yo‘llari kelajakda minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qilishi shubhasiz.

Quvonarlisi, Axsikent bugun xalqaro hamjamiyat e’tiborida bo‘lib turibdi. Xorijiy mehmonlarning bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berishi, nufuzli xalqaro ilmiy-ma’rifiy institutlarning ushbu maskanga qiziqish bildirishi uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Axsikentdan qaytayotganda shuni angladim: tarix faqat kitoblarda emas. U ba’zan tuproq bag‘rida, qadim g‘ishtlar sukutida, gidlarning hikoyalarida va bu yerga kelgan insonlarning hayratida ham yashaydi.
Balki shuning uchun ham Axsikent hali uzoq yillar davomida o‘z sirlari bilan odamlarni chorlashda davom etar. Chunki bu maskan o‘tmish haqida hikoya qilish bilan birga, bizga o‘zligimizni, ajdodlarimiz qanday buyuk meros qoldirganini ham eslatib turadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA