Axsikent yodgorligi zamon bilan hamohang bo‘ladi
Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi dizayn, “3D” mahsulotlar, tematik bog‘lar, muzeylar, monumentlar va boshqa ko‘rgazmali buyumlar yaratish kabi o‘z xizmatlarini ko‘rsatadi. Qardoshlarimiz faoliyati texnologiyalar, dizayn va professional tajribani birlashtirib, ko‘rgazmali muhit yaratishga ixtisoslashgan.
Turk kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Husayn Avni Guchlu Namangan viloyatida muhim loyihalardan biri – “Axsikent muzeyi” qurilishini amalga oshirish va bezatish taklifi masalasida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqotda Namanganda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan loyihalar va imkoniyatlar xususida fikr almashildi. Shuningdek, uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan, Zahiriddin Muhammad Boburning kindik qoni to‘kilgan Axsikent yodgorligi hududida xalqaro tajribalar asosida zamonaviy muzey tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Husayn Guchluning qayd etishicha, kompaniya hozirga kunga qadar O‘zbekistonda bir qator yirik loyihalar, xususan, Samarqanddagi Imom Buxoriy muzeyi, Toshkentdagi “Istiqlol” monumenti, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Islom sivilizatsiyasi markazidagi Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan zal hamda Zomin va Jizzaxdagi muzey loyihalarini muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etgan. Ayni paytda esa, Amir Temur muzeyida amaliy ishlarni boshlash arafasida. Ushbu boy tajribaga tayangan holda, avvalroq ustida ishlagan Axsikent muzeyi konsept-loyihasi taqdim etildi.
Viloyat hokimi loyiha taklifi bilan tanishib, uni yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berdi. Qolaversa, muzey qurilishini shu yilning may-iyun oylarida Namanganda bo‘lib o‘tadigan yubiley – 65-xalqaro “Gullar festivali”ga uyg‘unlashtirgan holda tezlashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA