“Axiom Space” bilan kosmik hamkorlik kengaymoqda
AQSHga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Axiom Space” kompaniyasining Xalqaro hukumat ishlari bo‘yicha katta direktori Garvey Makintosh hamda biznesni rivojlantirish va strategik sheriklik bo‘yicha direktori Nur Vard bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda kosmik texnologiyalar va ilmiy-tadqiqot sohasini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar kosmik missiyalarda ishtirok etish, orbital texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, “Axiom Space” kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirib, 2026-yil 30-mart – 1-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Space Technology Conference STC 2026” xalqaro konferensiyasida platina homiy sifatida ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Mazkur uchrashuv kosmik sohada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va milliy ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA