Axborotni taqdim etishda jurnalist mahorati (+video)
Farg‘onada “Media haftalik” davom etmoqda. Avval xabar berganimizdek, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi Farg‘ona viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda bosma nashr, teleradio, internet saytlari jurnalistlari, bloger va axborot xizmati vakillari uchun malaka oshirish o‘quv -seminarlari, trening va ijodiy muloqotlar tashkil etgan.
– Menga yoqqan tomoni, avvallari bunaqa treninglar jurnalist operatorlar uchun bo‘lar edi, – deydi Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi montajchisi Azizbek Madazizov. – Montajchilar uchun ham alohida darslar o‘tilayotgani ma’qul bo‘lyapti. Ko‘p yillardan beri montaj sohasida ishlab kelaman.

– Men jurnalistika universitetini bitirishimga qaramasdan matbuot sohasiga yaqinda kirib keldim. Nazariy bilimlardan ko‘ra amaliy bilimlar bizga juda ham kerak va unga muhtojmiz. Bu yerda o‘qib- o‘rgangan bilimlarimni albatta ish jarayonida tadbiq qilaman, – deydi “Istiqbol yo‘li” gazetasi bosh muharriri Shahnoza Abduhoshimova.

Mavzular ham rangbarang. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy mavzularni yoritishning o‘ziga xos, noodatiy jihatlari, televideniyeda jurnalistning kadrga chiqishiga zarurat bormi, montajda yangi texnologik uslublar va shu kabi o‘nlab yo‘nalishlarda mamlakatning iqtidorli, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtira olgan trenerlar mashg‘ulot olib boryaptilar.

– Bunday media haftalik har bitta media sohasidagi hamkasblarimiz uchun kerak edi, deb o‘ylayman, – deydi O‘zbekiston 24 telekanalining muxbiri, trener Umida Olimova. – Farg‘onalik hamkasblarim bilan muloqot qilib shu narsani tushundimki, bu media haftalik yangi g‘oyalar ustida ishlashni, fikr almashishni, sohadagi kamchiliklarni qaysi yo‘llar bilan bartaraf etishni va bugunning tomoshabini e’tiboriga sifatli va mazmunli telereportajlar tayyorlashga yordam beradi.

– Jurnalist o‘qib- o‘rganishdan erinmasligi, charchamasligi kerak, – deydi bloger Sharifa Madrahimova. – Media haftalikning bizga berayotgan foydasi yangi bilimlarni o‘zlashtiryapmiz. Biz ko‘p yillik professional jurnalistmiz, deyishni yaxshi ko‘ramiz, lekin o‘rganadigan narsalarimiz ko‘pligini o‘quv mashg‘ulotiga kelganimizda bildik. Axborot izlash yo‘llarini shu treningga kelib o‘rgandim. Bu men uchun yangilik bo‘ldi.
Navbatdagi mashg‘ulotlarda Axborot xizmati mutaxassislari va blogerlar ishtirok etishadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LfuE_zw7P4I" title="Axborotni taqdim etishda jurnalist mahorati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video, surat), O‘zA