"Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunga sun’iy intellektga oid normalar kiritildi
Huquqiy munosabat
Mamlakatimizdagi sun’iy intellekt texnologiyalarini huquqiy tartibga solish borasida muhim qadam qo‘yildi. Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi Albina Kurmichkina quyidagilarni ma’lum qildi.
— O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 12-avgustda qabul qilinib, Senat tomonidan 2025-yil 1-noyabrda ma’qullangan 1115-son O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, qonunga ko‘ra, "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 3-moddasiga yangi tushuncha kiritildi. Endi sun’iy intellekt — bu insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil ravishda o‘rganish va yechim izlash hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalar olish imkonini beradigan texnologik yechimlar majmui sifatida qonun darajasida ta’riflanadi. Bundan tashqari, 4-moddaga davlatning axborotlashtirish sohasidagi asosiy yo‘nalishlari qatoriga sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilash vazifasi qo‘shildi.
6-moddaga esa vakolatli davlat organining yangi vakolatlari — sun’iy intellekt yo‘nalishiga investitsiyalar jalb etish, texnik infratuzilmani shakllantirish hamda ushbu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish belgilab qo‘yildi.
Yangi 7¹-modda bo‘yicha sun’iy intellekt yordamida yaratilgan axborot resurslari va axborot tizimlari insonning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi shart. Bunda insonning huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt xulosalariga tayanish mumkin emas.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46.2-moddasiga yangi qism qo‘shildi: sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish yoki ularni tarmoqda tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
Ushbu qonun O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarining huquqiy asoslarini shakllantirish, fuqarolarning raqamli huquqlarini himoya qilish va ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solishning muhim bosqichi hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA