Avval qishlog‘i zamonaviy turistik hududga aylantiriladi
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-yanvarda qabul qilingan “Farg‘ona” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Farg‘ona tumanida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanmoqda.
Jumladan, ayni paytda “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasini barpo etish yuzasidan taklif va tashabbuslar ko‘rib chiqilmoqda. Viloyat hokimligi tomonidan tashabbuskor tadbirkorlarning istiqbolli loyihalari ma’qullanib, amaliy ishlarga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Loyiha doirasida Avval qishlog‘ida zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ko‘ngilochar hamda hordiq chiqarish maskanlari bunyod etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, hududdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar ta’mirlanib, sayyohlar uchun yanada jozibador muhit yaratiladi.
[gallery-29420]
Mutaxassislar fikricha, Avvalning tabiiy sharoiti va turistik salohiyati to‘rt faslda ham sayyohlarni jalb etish imkoniga ega. Ayniqsa, XVII asrga oid Xo‘jamposhsho tarixiy yodgorligi, Hamza muzeyi, tabiat qo‘ynidagi xiyobonlar va dam olish maskanlari hududning turizm imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shuningdek, yer ostidan chiqadigan minerallarga boy shifobaxsh suv manbalari ziyorat va tibbiy turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda hududda 120 dan ortiq tadbirkor turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda. Yangi loyiha doirasida dam olish maskanlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, saylgohlar, vorkaut maydonchalari, maishiy xizmat ob’ektlari, sport kompleksi, mehmonxona, avtoturargoh hamda savdo nuqtalarini o‘z ichiga olgan zamonaviy infratuzilmani shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hududning turistik jozibadorligini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA