Avrangzebning g‘alabasi
Guliston shahridagi Prezident maktabining 9-sinf o‘quvchisi Avrangzeb Norjigitov dunyo miqyosidagi nufuzli Lumiere Scholars Essay Award tanlovida yuqori natijaga erishdi. Uning ijodiy inshosi 104 ta mamlakatdan yuborilgan 2 100 dan ortiq ish orasidan saralanib, eng yaxshi ishlar qatorida e’tirof etildi.
Natijada u High Honors Award mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Avrangzeb Lumiere Research Scholar Program dasturida ishtirok etish uchun 1 250 AQSH dollari miqdoridagi stipendiyani ham qo‘lga kiritdi.
Mazkur dastur o‘quvchilarga yuqori darajadagi akademik muhitda faoliyat yuritish, ilmiy izlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda nufuzli universitetlar bilan hamkorlikda ish yuritish, shuningdek, Harvard, Stanford va Oxford kabi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi PhD darajasiga ega olimlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, yozuv (Writing) bo‘yicha shaxsiy murabbiylardan maslahatlar va Publication Strategist tomonidan yo‘l-yo‘riq olish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi xalqaro tanlovlardagi yutuqlar o‘quvchilarda ilmiy izlanish, tanqidiy fikrlash va akademik yozish madaniyati izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Lumiere Scholars Essay Award kabi xalqaro tanlovlar o‘quvchilardan nafaqat chuqur bilim, balki mustaqil fikrlash, tahlil qilish va akademik yozish madaniyatini ham talab qiladi. Bu kabi musobaqalar yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
— Xalqaro maydondagi bunday musobaqalar o‘quvchilar uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘taydi. Avrangzebning eng katta ustunligi — uning tanqidiy fikrlashi, mavzularni chuqur tahlil qila olishi va o‘z fikrini mantiqiy tarzda ifodalash qobiliyati. U doim izlanadi, savol beradi va javob izlashdan to‘xtamaydi. Shu jihatlari bilan u tengdoshlaridan ajralib turadi. Bu natija bir o‘quvchining emas, balki butun jamoaning mehnati samarasidir. Avrangzeb kabi iqtidorli yoshlar boshqalar uchun ham kuchli ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi, – deydi maktab maslahatchisi Madina Saparova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri