Avaza sammiti: siyosiy ishonchdan iqtisodiy integratsiya sari
Joriy yilning 8-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
E’tiborlisi, mazkur yig‘in mintaqada o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, mintaqaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish hamda umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklikni rivojlantirish masalalari tadbirning asosiy yo‘nalishlaridan bo‘ldi.
O‘zA muxbiri ushbu anjumanning mazmun-mohiyati, iqtisodiy hamkorlik istiqbollari va diyorimizning mintaqadagi o‘rni xususida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirov fikrlarini yozib oldi.

– Avvalo ta’kidlash kerakki, Turkmanistondagi sakkizinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikni siyosiy muloqotdan amaliy taraqqiyot kun tartibiga o‘tkazishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Mintaqa davlatlari endi qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlarning o‘zi bilan cheklanmayapti. Ular o‘z taraqqiyotini bir-biriga bog‘liq jarayon sifatida ko‘ra boshlamoqda. Transport, energetika, savdo, suv, sanoat va raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq masalalar tobora umumiy mintaqaviy vazifalar sifatida qaralmoqda.
Sammitning asosiy g‘oyasi ham shundaki, mintaqada shakllangan siyosiy ishonchni o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikka, uni esa milliy manfaatlarni uyg‘unlashtiruvchi umumiy taraqqiyot modeliga aylantirishga intilish kuchaymoqda. Bu yagona iqtisodiy yoki siyosiy makonni shakllantirishdan ko‘ra, davlat salohiyatni birlashtirish orqali ularning taraqqiyot imkoniyatlarini kengaytirishni anglatadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslarning amaliy ahamiyati ularni aniq loyihalar va o‘lchanadigan natijalar bilan bog‘lashda namoyon bo‘ladi. Qo‘shma korxonalar, investitsiya dasturlari, transport va energetika infratuzilmasi hamda ta’lim sohasidagi sheriklik mintaqaviy kelishuvlarni iqtisodiy faollikka tatbiq etish mexanizmlaridir.
Bu yerda muhim nuqta bor: mintaqaviy hamkorlikning qiymati endi tadbirkorning bozorga chiqishi, yukning chegaradan tez o‘tishi, korxonaning barqaror energiya olishi, fermerning suvdan samarali foydalanishi va yosh mutaxassisning yangi ish o‘rniga ega bo‘lishida ko‘rinadi. Ya’ni, mintaqaviy siyosat kundalik iqtisodiy hayotga yaqinlashmoqda.
C6 formati ana shu jarayonning tashqi konturini kengaytirmoqda. Markaziy Osiyoning besh davlati va Ozarbayjonning bir maydonda harakat qilishi Kaspiyning ikki sohilini bog‘laydi. Markaziy Osiyo uchun Ozarbayjon orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari kengayadi. Ozarbayjon uchun esa Markaziy Osiyoning sanoat, resurs va transport salohiyati yangi iqtisodiy loyihalar manbaiga aylanishi mumkin.
C6 formatining ahamiyati ko‘proq umummanfaatli sohalarda davlatlarning birgalikda harakat qilish qobiliyatini oshirganda ko‘rinadi. Bu yerda o‘lkalarning tashqi siyosiy qarashlari qanchalik yaqinligidan ko‘ra aniq iqtisodiy loyihalarni qanchalik samarali amalga oshira olishi hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Iqtisodiy hamkorlikning keyingi bosqichi qiymat zanjirlarini birlashtirish bilan bog‘liq. O‘zbekiston tomonidan taklif etilayotgan “Olti iqtisodiyot – bir mahsulot” formulasi shu jihatdan dolzarb hisoblanadi. Bir mamlakat xomashyo, boshqasi qayta ishlash, yana biri texnologiya yoki butlovchi qismlar bilan ishtirok etishi mumkin. Yakuniy mahsulot umumiy transport tarmog‘i orqali kengroq bozorga yetkaziladi.
Bunday model mintaqa uchun ikki imkoniyat yaratadi. Birinchisi, ishlab chiqarish ko‘lami kengayadi. Ikkinchisi, mamlakatlar bir-birining iqtisodiy barqarorligidan manfaatdor bo‘lib qoladi. Bu esa mintaqaviy hamkorlikka yanada mustahkam iqtisodiy asos beradi.
Biroq bu model avtomatik ravishda ishlamaydi. Texnologiya, kadrlar, sertifikatlash, bojxona jarayonlari va moliyalashtirish mexanizmlari muvofiqlashtirilmasa, qiymat zanjiri uzilib qolishi mumkin. Qo‘shma loyihalarda har bir davlatning qancha qo‘shilgan qiymat yaratishi ham muhim. Markaziy Osiyoning uzoq muddatli maqsadi xomashyo yetkazib berishdan yuqori texnologik ishlab chiqarishga ko‘tarilish bo‘lishi kerak.
Transport bu modelning asosiy infratuzilmasiga aylanadi. “O‘rta yo‘lak” transport arteriyasi Markaziy Osiyo, Kaspiy, Janubiy Kavkaz va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish uchun muhim imkoniyat beradi. Lekin koridorning raqobatbardoshligi faqat temir yo‘l va portlarga bog‘liq emas. Chegaradagi kutish vaqti, bojxona jarayonlari, tariflar, raqamli hujjatlar va tashish jadvallarining barqarorligi ham muhim.
Shu sababli transport yo‘laklarini iqtisodiy koridorlarga aylantirish vazifasi paydo bo‘ladi. Logistika markazlari, omborlar, servis korxonalari va eksport ishlab chiqarishlari yo‘lak bo‘ylab rivojlansa, tranzitdan olinadigan iqtisodiy samara ortadi. Bu Markaziy Osiyoning geografik joylashuvini real iqtisodiy ustunlikka aylantirishning eng amaliy yo‘llaridan biri.
Energetika ham shu tizimning bir qismi. Masalan, energetika sohasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjonning “Yashil energiya koridori” tashabbusi mintaqaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. 2024-yil noyabrda kelishilgan loyiha Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini Kaspiy dengizi tubidan o‘tuvchi suvosti kabeli va Ozarbayjon orqali, Qora dengiz kabel tizimi bilan bog‘langan holda, Yevropa bozorlariga yetkazishni nazarda tutadi. Hozirgi bosqichda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari va huquqiy mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. U amalga oshsa, uch davlatning elektr tizimlari o‘zaro bog‘lanib, “yashil” energiya savdosi va eksport imkoniyatlari kengayishi mumkin.
Kritik minerallar va strategik ahamiyatga ega metallar sohasi ham mintaqaning yangi iqtisodiy imkoniyatlarini ochib bermoqda. Global iqtisodiyotda raqamli texnologiyalar va “yashil” energetika uchun zarur minerallar hamda metallarga talab ortib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyo oldida turgan asosiy vazifa xrom, mis, uran, marganets, reniy, nikel, litiy, volfram va surma kabi mintaqada mavjud resurslarni qazib olish bilan cheklanib qolmaslikdir. Ularni qayta ishlash, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish mintaqaning resurs salohiyatini iqtisodiy o‘sish va texnologik taraqqiyot omiliga aylantirishi mumkin.
Ma’lumki, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va shaharlar rivoji suv resurslariga bog‘liq. Shuning uchun suv masalasi mintaqaviy iqtisodiy siyosatning markaziy qismiga aylanmoqda. Suvdan samarali foydalanish bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar, raqamli monitoring, irrigatsiyani modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalar kelgusi taraqqiyotning muhim shartlaridir.
Orolbo‘yi muammosi mintaqaviy hamkorlikning ekologik va ijtimoiy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. O‘zbekistonning 2027-yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi ekologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun imkoniyat yaratadi. Bu boradagi hamkorlik samaradorligi qabul qilingan qarorlar bilan emas, avvalo, ekologik vaziyatning yaxshilanishi va mahalliy aholi turmush sharoitining o‘zgarishi bilan baholanishi lozim.
Raqamli texnologiyalar va inson kapitali esa yuqoridagi barcha yo‘nalishlarni birlashtiradi. Yangi zavodlar, energetika ob’ektlari va transport markazlari malakali kadrlarsiz samarali ishlay olmaydi. Shuning uchun kasblar atlasi, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va texnologik tadbirkorlik iqtisodiy hamkorlikning uzoq muddatli asosiga aylanadi.
Yana bir muhim jihat: mintaqaviy integratsiyani faqat davlatlararo munosabatlar doirasida baholash bugungi jarayonlarni to‘liq anglash uchun yetarli emas. Unda korxonalar, universitetlar, investorlar va mehnat bozori ham tobora faol ishtirok etmoqda. Integratsiyaning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning siyosiy barqarorligi va uzoq muddatli istiqboli uchun zamin ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Mintaqaviy tashabbuslarning samarasi ularni amalga oshirish tizimiga bog‘liq. Buning uchun loyihalarning moliyaviy manbalari, mas’ul tashkilotlar, bajarish muddatlari va natijalarni baholash ko‘rsatkichlari oldindan belgilanishi zarur. Ana shu mexanizmlar kelishuvlarning amaliy natijalarga aylanishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik milliy taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Savdo, transport, energetika va ekologik barqarorlik sohalaridagi hamkorlik mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlariga mos keladi. Avaza sammitining ahamiyati ushbu yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘liq mintaqaviy taraqqiyot kun tartibiga birlashtirish imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Bu imkoniyatning amaliy natijasi davlatlarning qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va mintaqaviy infratuzilmani o‘zaro uyg‘unlashtirish qobiliyatiga bog‘liq.
Uzoq muddatli istiqbolda esa Markaziy Osiyoning o‘rni nafaqat uning geografik joylashuvi, balki mintaqaviy qiymat zanjirlaridagi ishtiroki, texnologik salohiyati va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari bilan ham belgilanadi.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA