Atrof-muhit muhofazasiga barcha mas’uldir
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan hududlarda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik to‘g‘risida aholi bilan muntazam tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay haligacha qonun buzilish holatlari uchramoqda.
– Achinarlisi, o‘zi yashab turgan hududi obodligini saqlash o‘rniga chiqindi tashlab ketayotgan shaxslar ko‘p uchramoqda, – deydi Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Barhayot Meliyev. – Hatto, chiqindi tashlaydigan joylar bo‘lsa ham, ayrim yo‘laklar chetlari, ko‘chalar, ariq yoqalariga uloqtirib ketilgan chiqindilarni ko‘p ko‘ramiz. Tahlillarimizga ko‘ra, inspektorlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlarida hozirgacha 1 ming 938 ta huquqbuzarliklar aniqlandi.

Jumladan, Olmaliq shahrida e’tiborsizlik natijasida Cho‘lpon va Metallurg mahallalari oralig‘idagi bo‘sh yer maydonida noqonuniy chiqindixona paydo bo‘lgani aniqlandi. Davlat inspektorlari nazoratida hududga maxsus texnikalar jalb etilib atrof chiqindilardan tozalandi.
Bundan tashqari, O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan Toshkent dengizi bo‘yida “Ekologiyaning yosh himoyachilari” loyihasining ilk bosqichi “Plogging” aksiyasi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Unda 30 nafarga yaqin ko‘ngilli yoshlar, viloyat Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi vakillari hamda “Yosh ekologlar harakati” a’zolari faol qatnashdi. Jarayonda barcha 5 ta guruhga bo‘lingan holda 250 kilogramm umumiy vazndagi chiqindi to‘pladi. Maxsus texnikalar yordamida suv bo‘yi tartibga keltirildi.

Yana bir holatda Toshkent viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi inspektorlari Chirchiq daryosining Yangiyo‘l tumani hududidan oqib o‘tgan qismida yuk tashuvchi avtotransport vositasida chiqindilarni to‘kmoqchi bo‘lgan fuqaro to‘xtatib qoldi. Holatga aniqlik kiritilib huquqbuzarlikni 1978 yilda tug‘ilgan B.G. fuqaro tomonidan sodir etilgani aniqlandi. Shu joyning o‘zida avtotransport vositalaridagi chiqindi Yangiyo‘l tumanida joylashgan Markaziy chiqindi poligoniga yuborildi. Huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarida jarima chorasi qo‘llanildi.
Atrof-muhitning ozodaligi bir tashkilot yoki bir rahbarning ishi emas. Buni aholi tushunib yetmas ekan, joylarga chiqindi tashlab atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlari uchrayveradi. Bu yo‘lda barchamiz mas’uliyatli bo‘lmog‘imiz lozim.

A.Musayev,O‘zA.