Atom sohasi xodimlari “Rahbar kubogi”da bellashdi
“O‘zatom” agentligi tashabbusi bilan atom energetikasi sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘rtasida “Rahbar kubogi” sport musobaqasi o‘tkazildi.
Tadbirda agentlik tizimidagi bir qator tashkilotlar jamoalari ishtirok etib, mini-futbol, stol tennisi va shashka bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Musobaqalar davomida ishtirokchilar sport mahorati, chaqqonlik va jamoaviy hamkorlik borasida o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi.

Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, jismoniy faollikni rag‘batlantirish hamda mehnat jamoalaridagi birdamlikni mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, sport musobaqalari turli bo‘linmalar vakillari o‘rtasida muloqot va tajriba almashish imkoniyatini ham yaratdi.

–“Rahbar kubogi” kabi sport tadbirlari jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi musobaqalar xodimlarning jismoniy faolligini oshirish bilan birga, mas’uliyatli, bir maqsad sari intiladigan va har qanday vazifani birgalikda bajara oladigan jamoani shakllantirishga xizmat qiladi. Kelgusida ham “O‘zatom” tizimida shunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ularning qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi, – dedi “O‘zatom” agentligi direktori o‘rinbosari Nozim Muksinov.
Musobaqa yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar hamda jamoalar taqdirlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA