Atom energiyasidan tinchlik maqsadida samarali va xavfsiz foydalanishda davlat organlarining vakolatlari qanday?
2026-yil 21-aprelda «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov qonunning ahamiyati va muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Dunyoda aholi va sanoatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 2030-yilga borib 120-125 milliard kVt soatga yetadi. Bu esa energiya resurslarini ishonchli manbalar bilan ta’minlashni taqozo qiladi.

Ma’lumki, dunyo uran zaxiralarining taxminan 4 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi va yiliga 3,5 ming tonnadan ortiq uran qazib olinadi. Shu bois, yurtimiz dunyodagi yirik uran ishlab chiqaruvchi mamlakatlar qatorida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda. Bu sohadagi boy sanoat tajribasi atom energetikasini rivojlantirishda yangi bosqichga asos bo‘lmoqda.
Atom energetikasini rivojlantirish O‘zbekistonning barqaror energetika tizimini yaratish, sanoatni rivojlantirish va mintaqaviy taraqqiyot uchun muhim omildir.
Katta va kichik reaktor bloklarining uyg‘un faoliyati tarmoq barqarorligini ta’minlab, qayta tiklanuvchi manbalarni samarali integratsiyalash imkonini beradi.
Qayd etish lozimki, hozirgi kunda dunyoda 30 dan ortiq davlatda atom elektr stansiyalari mavjud bo‘lib, ularda 400 dan ziyod reaktorlar ishlab turibdi va ular jahon elektr energiyasi ishlab chiqarishning taxminan 10 foizini tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda ham atom energetikasini rivojlantirish, energiyadan foydalanish xavfsizligi, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 24-maydagi qaroriga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiritilgan Atom energiyasi agentligining faoliyati samarali tashkil etildi. Ushbu agentlikka atom energiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish doirasida 17 ustuvor yo‘nalish belgilandi.
Shu bilan birga, Agentlik tomonidan atom ob’ektlaridan foydalanish xavfsizligini ta’minlash, radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha xalqaro standartlarga mos tizim yaratish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida qator islohotlar amalga oshirilishi bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari, jumladan, yadro xavfsizligi va radiatsiya muhofazasi bo‘yicha shartnomalardan kelib chiqadigan vazifalar ham bosqichma-bosqich bajarilmoqda.
Ta’kidlash joizki, ayni paytda yadroviy texnologiyalar faqat energetika sohasida emas, balki noenergetika yo‘nalishlarida ham, xususan, yadroviy meditsina, mahsulotlarni sterilizatsiya qilish, madaniy merosni saqlash va boshqa sohalarda ham samarali tatbiq etilib, milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi vakolatli davlat organining hamda ushbu sohadagi davlat boshqaruvi bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan organlarning vakolatlarini aniqlashtirish maqsadida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Qonun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida samarali va xavfsiz foydalanish, davlat organlari vakolatlarini aniqlashtirish, sohadagi huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Qonunda atom energiyasi sohasidagi vakolatli organ sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi ekani belgilandi.
Agentlik atom energiyasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Sohaviy dasturlarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, xavfsizlik chora-tadbirlarini belgilash hamda xalqaro hamkorlikni ta’minlashi mustahkamlab qo‘yildi.
Davlat organlarining vakolatlari va javobgarligi aniq belgilandi. Jumladan, amaldagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunda Energetika vazirligi mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansini ishlab chiqishi hamda uning bajarilishini nazorat qilishi belgilanganini inobatga olib, qonunda Energetika vazirligi atom energetikasi manbalari hisobini yuritishi, elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol balansida atom energetikasi ulushini hisobga olishi kabi vazifalarni amalga oshirishi nazarda tutildi.
Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilangani sababli qonundagi “davlat boshqaruvi organi” so‘zlari “respublika ijro etuvchi hokimiyat organi” so‘zlariga tahririy o‘zgartirildi.
Bu esa qonun hujjatlarida yagona huquqiy atamalarni ishlatish, huquqni qo‘llash amaliyotida aniqlik va uyg‘unlikka erishish imkonini beradi.
Qonun bilan atom energiyasi sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi. Yadro xavfsizligi va radiatsiya muhofazasini ta’minlash, davlat organlari o‘rtasidagi vakolatlar va javobgarlikni aniq belgilash, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga oid me’yorlar belgilandi.
Bularning barchasi mamlakatimizning yadro xavfsizligi bo‘yicha nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA