Atom energetikasi sohasidagi qonunchilik qanday takomillashtirilmoqda? – Mutaxassis javob berdi
Atom energetikasini xavfsiz va samarali rivojlantirish, sohani mustahkam huquqiy asoslar bilan ta’minlash hamda xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, xavfsizlik talablarini yanada kuchaytirish va tarmoqni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xususan, 2026-yil 21-aprelda qabul qilingan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun sohadagi huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur qonunning mazmun-mohiyati, unda nazarda tutilgan huquqiy yangiliklar hamda ularning atom energetikasi sohasi rivojidagi ahamiyati haqida "O‘zatom" agentligi Yuridik bo‘limi boshlig‘i Mahmud Abdijaliyev O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– 2026-yil 21-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining ushbu qonuni mamlakatimizda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim hisoblanadi. Bu hujjat amaldagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvini takomillashtirish, sohani tizimli rivojlantirish hamda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Bugungi kunda jahonda energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgani, shuningdek, ekologik barqarorlik masalalari dolzarb ahamiyat kasb etayotgani atom energetikasini strategik yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda. O‘zbekiston ham ushbu tendensiyadan chetda qolmayotgani, xususan, atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur qonunning qabul qilinishi o‘z vaqtidagi dolzarb qaror sifatida baholanadi.
Qonunning eng muhim jihatlaridan biri – atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini aniqlashtirish va markazlashtirishdir. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi vakolatli davlat organi sifatida mustahkamlanib, uning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.
Endilikda Agentlik atom energetikasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda markaziy o‘rinni egallaydi. Xususan, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi. Shuningdek, sohada xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlashda ishtirok etish, o‘z vakolatlari doirasida sohaga oid norma va qoidalarni ishlab chiqish hamda qabul qilish vazifalari ham Agentlik vakolatiga kiritildi. Bu esa atom energetikasi sohasida yagona va muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini shakllantirish, shuningdek, tarmoqni kompleks rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy va institutsional asos yaratadi.
Agentlik vakolatlarining kengayishi uning amaliy ahamiyatini ham oshirmoqda. Jumladan, u atom energetikasi ob’ektlarini joylashtirish, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarida muvofiqlashtiruvchi va nazorat qiluvchi organ sifatida ishtirok etadi. Bu esa yuqori xavf darajasiga ega sohada xavfsizlik talablarini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shuningdek, tashkilot davlat dasturlari, sohaviy konsepsiyalar va investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda bosh koordinator vazifasi yuklatilgani atom energetikasi rivojini tizimli asosda tashkil etish imkonini yaratadi. Ayniqsa, atom elektr stansiyasi qurilishi kabi strategik ahamiyatga ega loyihalarni samarali amalga oshirishda bu omil muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ham “O‘zatom” agentligining o‘rni mustahkamlandi. U ilg‘or texnologiyalar, xavfsizlik standartlari va xorijiy tajribani jalb etishda asosiy institutsional platforma sifatida ishtirok etadi. Bu esa milliy qonunchilikning xalqaro huquq normalariga uyg‘unlashuvini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, radiatsiya xavfsizligi va yadroviy materiallar bilan ishlash ustidan davlat nazoratini kuchaytirish masalalari ham mazkur qonun orqali yanada mustahkamlandi. Bu esa aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasini ta’minlashda muhim kafolat hisoblanadi.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar doirasida Energetika vazirligining vakolatlari ham mustahkamlandi. Endilikda vazirlik atom elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini hisobga olgan holda mamlakatning yagona energiya balansini shakllantirishda ishtirok etadi. Bu esa energiya manbalari o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash va energetika tizimini kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur qonun atom energetikasi sohasida institutsional islohotlarni chuqurlashtirish, vakolat va mas’uliyatlarni aniq belgilash hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘ldi. Natijada sohada yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, yirik loyihalarni izchil amalga oshirish va atom energetikasining barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun mustahkam huquqiy hamda institutsional poydevor yaratilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning uzoq muddatli energetika strategiyasini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.