Atletlarimiz muvaffaqiyati
Tailandning Pxuket shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sportchilarimiz bitta oltin va to‘rtta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Tailandning Pxuket shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sportchilarimiz bitta oltin va to‘rtta bronza medalni qo‘lga kiritdi.Qit’amizning o‘ttizga yaqin davlatidan 160 nafardan ziyod sportchi ishtirokida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada tajribali atletimiz Ivan Yefremov vazni 105 kilogrammdan yuqori bo‘lgan polvonlar bahsida shtangani dast ko‘tarishda 193 kilogramm natija ko‘rsatib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sportchimiz shtangani siltab ko‘tarishda 220 kilogramm, ikkikurashda 413 kilogramm natija qayd etib, ikkita bronza medal bilan taqdirlandi.
Yana bir iqtidorli sportchimiz Avaz Idiyev vazni 105 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar bahsida shtangani siltab ko‘tarishda 193 kilogramm natija ko‘rsatib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashgan Omadoy Otaqo‘ziyeva vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida shtangani siltab ko‘tarishda 117 kilogramm natija bilan bronza medalga loyiq topildi.