AstraZeneca vaksinasi atrofidagi shov-shuvlar
O‘tgan hafta Yevropa dori-darmon vositalari agentligi (EMA), mintaqaning bir nechta mamlakatida AstraZeneca vaksinasi bilan bilan emlangan kishilarda tromboembolik kuchayish kuzatilgani bois emlash to‘xtatilgani haqda ma’lum qilgandi.
Italiyada AstraZeneca vaksinasi bilan emlanganlar orasida sakkizta shubhali o‘lim qayd etilgan, yana to‘rt kishining ahvoli yomonlashgan, deydi Respublika dori-darmon vositalari bo‘yicha agentligi (Aifa) bosh direktori Nikola Magrini.
"Ushbu voqealarning aksari emlashdan ancha vaqt o‘tgandan keyin sodir bo‘ldi. Shu bois tekshiruv muddati cho‘zilib ketmoqda. Biz tezkor sur’atda ma’lumotlar to‘plashni boshladik", – deydi u la Repubblica gazetasiga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, Magrini preparat xavfsiz ekanini ta’kidlar ekan, birinchi dozani olgandan keyin boshqa hech qanday harakat qilmasdan faqat ahvolni kuzatib turish lozimligini uqtirgan.
"Vaksinani qo‘llashni to‘xtatish bo‘yicha qaror Yevropaning bir nechta mamlakati, jumladan, Germaniya va Fransiyada bir-ikkita ko‘ngilsiz voqea kuzatilgani uchun qabul qilindi va tekshirish uchun tanaffus e’lon qilish va keyin yana qayta boshlash taklif etildi. Bu siyosiy tanlov bo‘lgandi", – deydi Aifa bosh direktori.
Ushbu voqealar sabab Angliya-Shvetsiya mahsuloti bo‘lmish – AstraZeneca vaksinasi bilan emlash Avstriya, Estoniya, Litva, Latviya, Lyuksemburg, Daniya, Bolgariya, Norvegiya, Islandiya, Sloveniya, Shvetsiya, Italiya, Fransiya, Germaniya va Ispaniyada ham to‘xtatildi.
JSST preparat haqida ijobiy fikr bildirmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) AstraZeneca vaksinasining hech qanday zarari yo‘qligini ta’kidlab, undan foydalanishni tavsiya etmoqda.
JSSTning rasmiy vakili Margaret Xarris ushbu tavsiyaga quyidagicha izoh bergan: “AstraZeneca vaksinasining xavfsizligi bilan bog‘liq barcha signallar ekspertizadan o‘tkazilib natijalari shu hafta e’lon qilinadi. JSST COVID-19ga qarshi vaksinalar, jumladan, AstraZenecaga oid barcha shubhalarni tizimli ravishda ko‘rib chiqib, o‘z tavsiyalarini beradi. Qo‘mita AstraZeneca vaksinasi bilan bog‘liq hozirgi e’tirozlarni ham sinchkovlik bilan o‘rganib chiqmoqda. JSST vaziyatni to‘liq tushunib yetgandan keyin zudlik bilan natijalar e’lon qilinadi”.
Hamma gap shundaki, o‘lim holatlari aynan vaksina tufayli sodir bo‘lganiga dalil yo‘q. Shu bois kasallikning og‘ir holatini boshdan kechirayotgan bemorlar hayotini saqlab qolish uchun vaksinatsiyalash kampaniyasini davom ettirish lozim, deydi JSST ekspertlari.
Ularning ta’kidlashicha, Yevropaning qator mamlakatlarida vaksinalarning ma’lum bir partiyasidan foydalanish to‘xtatilmoqda, boshqa mamlakatlarda esa shunchaki ehtiyotkorlik nuqtai nazaridan foydalanilmay turibdi.
Tekshiruvlar nihosiga yetgunga qadar Yevropa mamlakatlaridan tashqari Tailand va Indoneziyada ham AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni to‘xtatib turishga qaror qilindi.
Shu bilan birga, AstraZenecani ishlab chiqargan Buyuk Britaniyaning o‘zida shu vaqtgacha ushbu vaksina bilan 10 milliondan ziyod kishi emlangan. Lekin ularning birortasida ham yuqorida tilga olingan muammo kuzatilmagan.
Umuman, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniyada hozirgacha AstraZeneca bilan 17 million kishi emlangan bo‘lsa, ularning birortasida o‘lim holatlari kuzatilmagan.
Qolaversa, vaksinani qo‘shimcha testdan o‘tkazish choralari boshqa kompaniyalar, shuningdek, Yevropa sog‘liqni saqlash organlari tomonidan mustaqil ravishda olib borilmoqda. Ushbu takroriy sinovlarning birortasida xavotirga sabab bo‘ladigan asoslar topilmagan.
Vaksinani ishlab chiqish jarayonida AstraZeneca kompaniyasi va uning hamkorlari, qolaversa, yigirmadan ortiq mustaqil laboratoriyalarda ushbu preparat sifatini tekshirish uchun 60 dan ortiq sinov o‘tkazilmoqda. Barcha testlar sifat nazoratining qat’iy qoidalariga muvofiq kelishi lozim va olingan ma’lumotlar har bir mamlakat yoki hududning muvofiqlashtiruvchi organiga beriladi. U yerda olingan ma’lumotlarga qarab vaksina partiyalari davlatlarga jo‘natilishi bo‘yicha bir qarorga kelinishi ma’lum qilingan.
BMT nima deydi?
AstraZeneca vaksinasi atrofidagi shov-shuvlar BMT rahbariyatini ham befarq qoldirmayapti. Ta’kidlash joiz, BMT AstraZeneca vaksinasidan foydalanishda JSST ko‘rsatmalariga amal qilishini ma’lum qilgan.
Tashkilot Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik brifingda ma’lum qilishicha, AstraZeneca va Pfizer vaksinalari COVAX mexanizmi doirasida tarqatilmoqda. “Biz ilmga va JSST ko‘rsatmalariga amal qilamiz.
O‘ylashimcha, JSST AstraZeneca vaksinalari bilan bog‘liq muammo yo‘qligi haqida o‘tgan ikki kun davomida yetarlicha izoh berdi", – deydi Dyujarrik nega 15 davlat AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatgan bir paytda BMT ularni mamlakatlarga jo‘natishni davom ettirmoqda, deb berilgan savoliga javoban.
Mana, koronavirus pandemiyasi boshlanganiga ham bir yildan oshdi. Ofatni uzil-kesil bartaraf qilish uchun vaksina yaratish bo‘yicha boshda 136 ta tashkilot shug‘ullanishni boshlagan edi. Hozirgacha 10 ta vaksina tayyor.
Ular orasida Rossiyaning Gamaleya markazida ishlab chiqilgan Sputnik V vaksinasi eng birinchilardan bo‘lib klinik sinovlardan o‘tgandi. Shundan keyin, Germaniyaning BioNTech, Xitoyning Fosun Pharma, Sinovac Biotech, AQSHning Pfizer, Moderna, Hindistonning Bharat Biotech, Buyuk Britaniya va Shveysariyaning AstraZeneca vaksinalari qo‘llanish uchun tasdiqdan o‘tdi.
Vaksinalar hammaga yetarlimi?
2020 yil oxirida vaksina ishlab chiqaruvchi uchta yirik korxona (AstraZeneca, Pfizer / BioNTech va Moderna) 2021 yil oxirigacha 5,3 milliard doza vaksina ishlab chiqara olishini ma’lum qilgandi. Bu taxminan 3 milliard kishi uchun, ya’ni dunyo aholisining uchdan bir qismiga yetarli bo‘ladi.
Ammo, masalaning bir muammoli tomoni bor. U ham bo‘lsa, mazkur vaksinalar hammaga birdek tarqatilmaydi. Ularning katta qismi dunyoning o‘ziga to‘q mamlakatlari tomonidan allaqachon band qilingan. Masalan, Yevroittifoqqa kiruvchi 27 mamlakat, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya singari yana to‘rtta badavlat mamlakat vaksinalarning aksariyat qismiga avvaldan buyurtma berib qo‘ygan. Ularning ayrimlari hatto katta zaxiraga, masalan, Kanada har bir fuqarosi uchun 9 dozagacha, AQSH bir kishi uchun 7 dozagacha, Yevroittifoq mamlakatlari 5 dozagacha buyurtma bergan.
Muammo shundaki, ushbu mamlakatlar jami vaksinaning uchdan bir qismiga buyurtma bergan bo‘lib, ulardagi aholi soni dunyo aholisining atigi 13 foizi tashkil etar ekan.
Shuningdek, vaksinalarning narxlari ham turlicha. Masalan, AstraZeneca (1,78 dollar) ularning eng arzoni bo‘lsa, eng qimmati Moderna (18 dollar) bo‘lib chiqdi.
Ommaviy emlash pandemiyaga chek qo‘yadimi?
Bu haqda turli tashkilotlar turlicha fikr bildirmoqda. Masalan, Bloomberg agentligining yozishicha, koronavirus pandemiyasini to‘xtatish uchun sayyoramiz ahlisining 75 foizini emlash lozim bo‘ladi, lekin emlash jarayoni hozirgi sur’atda davom etadigan bo‘lsa, bunga kamida 7 yil kerak.
Agentlik xabarida aytilishicha, dunyo bo‘yicha har kuni COVID-19ga qarshi 4,5 milliondan ortiq vaksina ishlatilmoqda. Agar har bir odamga ikki doza preparat ukol qilinadigan bo‘lsa, yer yuzi aholisining ko‘pchilik qismini emlash uchun yetti yil kerak bo‘lar ekan.
AQSHda ushbu jarayon 11 oyni egallaydi. Mamlakatda kuniga 1,3 million kishi emlanmoqda. Ushbu vazifani Isroil (100 kishiga 58 doza, chunki bu mamlakatda 21 foiz aholi allaqachon emlanib bo‘lindi) va Birlashgan Arab Amirliklar (100 kishiga 35,8 doza) hammadan yaxshi uddalaydi chamasi. Lekin emlash boshlanganidan buyon ko‘plab mamlakatlar COVID-19ga qarshi preparatni hamma qatori ololmayotgani ma’lum bo‘lmoqda.
Xullas ayrim mamlakatlarda emlash hali boshlangani ham yo‘q. Qolaversa, koronavirusga qarshi vaksinalarni tarqatish jarayoni insoniyat qarshisida ko‘ndalang turgan murakkab logistik muammoga aylanmoqda.
Internet materiallari asosida
Saidmurod RAHIMOV tayyorladi