Asosiy maqsad xavfsizlikni ta’minlashdir
Turizm manzillari
Bo‘stonliq tumanida “Jahon kriminologiyasining ilg‘or tajribalari” mavzusidagi I xalqaro forum tashkil etildi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Kriminologiya tadqiqot instituti mutaxassislari, Vengriya, Koreya, Rossiya, Hindiston, Belarus kabi davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan vakillar, mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, soha olimlari ishtirok etdi.
Dastlab forum ishtirokchilari Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. Qayd etilganidek, mazkur hududning turizm salohiyati juda yuqori. Bahavo tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati tufayli sayyohlarning qatnovi ko‘p bo‘ladi. Xususan, “Chorvoq” turistik zonasi hududida yangi turizm ob’ektlari, shuningdek, “Amirsoy Resort”, “Chinorkent”, “Heavenʼs Garden” kabi zamonaviy kurort va dam olish maskanlari, turistlar va ekskursantlarga turli xizmatlar ko‘rsatuvchi sub’ektlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hududga kelayotgan dam oluvchilar oqimining ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuni e’tiborga olib, bu joylarda xavfsizlikni ta’minlash, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar tinchligini saqlash muhim ahamiyatga ega. Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari ham bu borada tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Ular sayyohlarni potensial tahdidlardan himoya qilishning keng qamrovli tizimini yaratish uchun turli davlat idoralari, sayyohlik kompaniyalari va mehmonxonalar bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Taqdimot davomida joylardagi turizm ob’ektlari va unga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, turistlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq jarayonlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishiga qaratilgan yangi tizimlar, zamonaviy raqamli kameralar va shu kabi sohaga oid yangiliklar barchada katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuvda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va boshqa innovatsion yechimlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, forum ishtirokchilariga mahalla yettiligi tizimi haqida ham axborot berildi. Bu jarayonda aholi bilan ishlash, bildirilayotgan murojaatlarni tizimli ravishda ko‘rib chiqish va hal qilish, joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish, ishsizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar xususida ham aytildi.
[gallery-20113]
Shundan so‘ng forum qatnashchilari tomonidan kun tartibida belgilangan mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Hamkor davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirokida hamkorlik memorandumlari va dasturlari imzolandi. Mehmonlarga hududdagi sayyohlik manzillari ko‘rsatildi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.