Asosiy maqsad – iqlim sharoitiga mos navlarni yaratish
Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, yer maydonlari va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga innovatsion ilmiy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Qashqadaryo viloyatidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa aholining don va don mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hudud iqlim sharoitlariga mos bug‘doy navlarini yaratish, zamonaviy tejamkor texnologiyalarini joriy etish institutning asosiy maqsadiga aylangan.
So‘nggi besh yilda kuzgi yumshoq bug‘doyning “Sarbon”, “Turon”, “Rohat”, “Ishonch”, “G‘ozg‘on”, “Oqsaroy”, “Dovon” singari hosildor navlari, bahorgi yumshoq bug‘doyning “Navro‘z”, “Parvoz” navlari, qattiq bug‘doyning “Nafis”, “Musaffo”, “Hilol”, arpaning “Sulton”, “Qamashi”, “Chimqo‘rg‘on” va “Osiyo” navlari yaratildi.
Hozirgi kunda bug‘doyning “G‘ozg‘on”, “Hisora”, “Shams”, “Bunyodkor”, “G‘allakor”, “Mingchinor” navlari respublikamizning 300 ming gektardan ortiq maydonlarida yetishtirilmoqda.
– Institutimizda keyingi yillarda 30 dan ziyod qishloq xo‘jalik falsafa doktori, 6 ta qishloq xo‘jalik fanlari doktori yetishdi, – deydi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Diyor Jo‘rayev. – Bundan tashqari, institutimizda 40 ga yaqin tadqiqotchi tahsil olmoqda va sohadagi dolzarb masalalar ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Hozirgi kunda yaratilgan navlarimiz qurg‘oqchilikka, issiqlikka va zang kasalligiga bardoshliligi bilan ajralib turadi.
Institutda hozirgi kunda 6 ta mahalliy, 4 ta xorijiy grant loyihasi ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Boshoqli don ekinlarining yangi yaratilayotgan navlarining issiqlik, qurg‘oqchilik, garmsil, tuproq, sho‘rlanish, kasallik va zarurkunandalarga bardoshli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Institutning boshoqli don ekinlari genetikasi va seleksiyasi laboratoriyasida faoliyat olib borayotgan olimlar tomonidan tuproq va iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan 40 dan ortiq yangi navlar yaratildi.
Bugungi kunga qadar 22 ta yangi nav davlat reyestriga kiritildi va viloyatlar bo‘yicha rayonlashtirildi. Shuningdek institutda sho‘rlangan maydonlar uchun bardoshli hosildor sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan sug‘oriladigan va lalmikor maydonlar uchun kuzgi, bahorgi va duvarak yumshoq va qattiq bug‘doy arpa hamda dukkakli ekinlarning yangi navlarini yaratish, urug‘chilikni rivojlantirish borasida ham keng ko‘lamli tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlarining innovatsion loyihalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligidagi loyiha doirasida o‘tkazilgan tanlovda maxsus moliyaviy grant sertifikatlariga ega bo‘ldi.
“Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi bo‘yicha tashkil etilgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan ushbu tanlov doirasida 201 ta ariza qabul qilingan, shundan 19 tasi xalqaro ekspertlar tomonidan istiqbolli, deb topilgan va mazkur sertifatlarga loyiq ko‘rilgan.
Tanlovda JDITI ilmiy xodimlari munosib ishtirok etib, bir yo‘la 3 ta ilmiy loyiha doirasida jami 1,3 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi grantlarga sazovor bo‘lgan.
– Bilamizki, hozirgi kunda qurg‘oqchilik jiddiy muammoga aylanib ulgurdi. Olimlarning oldida turgan asosiy maqsad esa iqlimga bardoshli yangi usul va texnologiyalar asosida yangi navlarni yetishtirish,– deydi Janubiy dehqonchilik ilmiy- tadqiqot instituti ilmiy xodimi Nurzod Boysunov. – Laboratoriyamizda ham pistaning yuqori hosildor navlarini in vitro sharoitida mikroklonal ko‘paytirish texnologiyasini yo‘lga qo‘ydik. Buning afzallik tomoni an’anaviy usulda yetishtirilgan ko‘chatga nisbatan bu usulda tayyorlangan ko‘chatlar erta hosilga kiradi. Eng asosiysi, bu usulda ko‘chatlarning jinsi aniq bo‘ladi. Chunki pista ko‘chatlari ayrim jinsli. Alohida daraxtda erkagi, alohida ayol jinsli daraxtlar mavjud bo‘ladi. Bularni taqsimlay olish pistachilikning sir-asrorlaridan biri hisoblanadi. Dalaga ko‘proq miqdorda erkagini ekib qo‘ysa, faqat erkak urug‘ni changlantiradi, hosil bermaydi. Bundan tashqari, ekish sxemasi ham aniq bo‘ladi. Pista daraxti shunaqa xususiyatga egaki, payvandlashni xush ko‘rmaydi. Shuning uchun asosiy innovatsion pista ko‘chatlarini yetishtirishda payvandlashga chek qo‘yiladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri 6-8 oyda dalaga ekiladi. Eski usulda ko‘chat ikki- uch yildan keyin dalaga ekiladi. Yaratilgan bu navlar kelgusida o‘lkamizning tog‘li mintaqalari va lalmi hududlariga ekiladi.
Institutda xorijiy davlatlardagi ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda eng dolzarb masalalar, qisqartirilgan seleksiya bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilgan. In vetro usulida ko‘chat yetishtirish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilmoqda. Yosh doktarantlar mavzulari eng dolzarb masalalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-15185]
– Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan bizning innovatsion loyihamiz bahorgi yumshoq bug‘doy navlarini janubiy viloyatlarimizga joriy etish, – deydi institutning don ekinlari seleksiyasi laboratoriyasi mudiri Sherzod Dilmurodov. – Bu bahorgi bug‘doy ekinlarining asosiy afzalligi shuki, kuzgi bug‘doyga qaraganda 150 kilogrammgacha kam urug‘ sepiladi. Ya’ni bir gektarga 100-120 kilogramm ekiladi. Bundan tashqari, don sifati bo‘yicha nonboplik xususiyati yuqori donlar sinfiga kiradi. Navlarning yana bir afzalligi –ayrim yillari sodir bo‘ladigan anomal sovuq jarayonlaridan bahorgi bug‘doy zararlanmaydi. Shuningdek, suvni kam talab etadi. Ya’ni kuzgi- qishki mavsumdagi suvlar tejaladi. Bahorda ikki marta sug‘orish bilan yuqori hosildorlikka erishish mumkin bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ilmiy-tadqiqot institutlari, konsalting tashkilotlari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Bu innovatsiyalar va zamonaviy qishloq xo‘jaligi usullarini joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari