Asarlari hayotiylik va samimiyatga yo‘g‘rilgan adib
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov asarlarining hayotiyligi, oddiyligi, ravonligi va samimiyati, inson taqdiriga oid dolzarb mavzularni yoritgani bilan kitobxonlar mehrini qozongan ijodkor edi. O‘zbekiston davlat drama teatrida milliy adabiyotimizning yirik namoyandalaridan biri, atoqli adib, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi O‘tkir Hoshimov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir adibning serqirra ijodiy merosi, ibratli hayot yo‘li va milliy so‘z san’atimiz ravnaqiga qo‘shgan beqiyos hissasini yod etish, uning asarlarida ifoda etilgan insonparvar g‘oyalar, milliy qadriyatlar va hayotiy haqiqatlarni yana bir bor yodga olishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Adabiy tadbirda e’tirof etilganidek, mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi bilan adabiyot va san’at sohalarida mehnat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, ulug‘ ijodkorlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu fayzli anjuman ham ana shunday e’tiborning amaliy namoyonlaridan biri bo‘ldi.
Ardoqli ustozimiz O‘tkir Hoshimovning 85 yillik tavallud ayyomini nishonlashga bag‘ishlangan mazkur adabiy anjuman yurtimizda ustoz yozuvchilar ijodini ardoqlash, ularning xotirasini e’zozlash va keng targ‘ib etish borasidagi ibratli sa’y-harakatlarning yana bir amaliy namunasidir.
O‘tkir Hoshimov ayni vaqtda chuqur falsafiy tafakkur egasi bo‘lgan katta ijodkor edi. Ustoz yozuvchining sof, samimiy, beg‘ubor insoniy tuyg‘ular kuylangan o‘nlab asarlari hozir ham sevib o‘qiladi, qayta-qayta nashr etilmoqda.
Adabiy kechada Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad va boshqalar O‘tkir Hoshimov asarlarida milliy ruh va insoniylik ustuvor o‘rin egallashi, ayni damda ezgulik, odamiylik, mehr-muruvvat adibning o‘ziga xos insoniy fazilatlari ekanini alohida ta’kidladilar.
Tadbirda adibning «Muhabbat», «Dehqonning bir kuni», «Urushning so‘nggi qurboni», «O‘zbek ishi» hikoyalari, «Odamlar nima derkin?», «Shamol esaveradi», «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari» kabi qissalari, «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi» romanlari, «Xazon bo‘lgan bahor», «To‘ylar muborak», «Vijdon dorisi», «Inson sadoqati», «Qatag‘on» kabi drama va komediyalari o‘z muxlislariga ega ekani qayd etildi.
[gallery-31660]
O‘tkir Hoshimov ijodining milliy adabiyotimizdagi o‘ziga xos o‘rni, adibning badiiy tafakkuri, inson qalbi va undagi turfa kechinmalarni yuksak mahorat bilan tasvirlash salohiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Inson taqdiri, umrning oqar suv kabi o‘tkinchiligi, ezgulikning ustuvorligi, vijdon, burch va ibratli qadriyatlar ustoz yozuvchi asarlarida asosiy mavzularni tashkil etadi.
– O‘tkir Hoshimov o‘z kitoblari, qissalari, hikoyalari va romanlari bilan xalqimizning qalbidan juda chuqur o‘rin olgan ijodkor edi, – dedi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Bahodir Karim. – Bugun adibning ikkinchi bir umri davom etyapti. Uning kitoblari o‘qilyapti. O‘tkir akaning «Dunyoning ishlari» asarini o‘qigan kitobxon oiladagi parokandalik juda ulkan bir sinov ekanini teran anglaydi. Asar juda samimiy, go‘zal yozilgan, bu qaysidir ma’noda avtobiografik xarakterga ega. U adibning boshqa ko‘plab ijod namunalari kabi dunyo adabiyotiga ham tarjima qilinib, ko‘pchilikka taqdim etish mumkin bo‘lgan asar. O‘tkir akaning «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» kabi asarlari qayta-qayta o‘qiladigan asarlar sirasiga kiradi. Chunki O‘tkir Hoshimov hayotni bilgan, insonning qalbini bilgan yozuvchi. O‘zbekiston Milliy universitetida ishlagan yillarimda O‘tkir Hoshimov Oliy adabiyot kursiga kelib, maxsus mahorat saboqlari o‘tgandilar. Men o‘zim talabalarga, bizning o‘sha Oliy adabiyot kursi tinglovchilariga O‘tkir akaning ijodiy mahoratlari, yozgan qaydlari, fikrlarini so‘zlab berganman. Hozirda katta-katta ijodkorlar bo‘lgan shoir va yozuvchilar ham u kishining saboqlarini eslashadi. Darhaqiqat, biz O‘tkir Hoshimovni kitoblari o‘qilaverib titilib ketgan adib sifatida bilamiz, uning aziz xotirasini hurmat bilan yodga olamiz.
Samimiy va yorqin ruhda o‘tkazilgan adabiy-ma’rifiy anjumanda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ijodining o‘ziga xos va betakror jihatlari, uning xalqimiz ma’naviyatini rivojlantirish yo‘lidagi zahmatli xizmatlari, fidokorona mehnatlari hayotiy misollar asosida yodga olindi.
Xotira kechasining eng muhim va ta’sirchan qismlaridan biri – O‘tkir Hoshimov ishtirokidagi arxiv videolavhalarning namoyishi bo‘ldi. Unda adibning turli yillardagi suhbatlari, adabiyot, ijod, inson va hayot haqidagi qimmatli fikrlari aks ettirilgan lavhalar adabiyot muxlislariga taqdim etildi. Ushbu arxiv tasvirlari orqali adibning insoniylik fazilatlari, fikr tarzi, ijodkorlik mas’uliyatiga bo‘lgan munosabati yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Adib asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar, yozuvchi hayotiga oid videolavhalar namoyish etildi, milliy ruh bilan yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Adabiy kechada O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahkatchisi Xayriddin Sultonov so‘zga chiqdi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surt), O‘zA muxbirlari