Arxeologlar ishtirokida xalqaro ekspeditsiya
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti va Moskva davlat universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Sitdikov, ushbu institutning katta ilmiy xodimlari Renat Valiyev, Antonina Gubaydullina, Moskva davlat universitetidan tadqiqotchilar Nikolay Tkach, Yelena Lisenko, shuningdek, institut vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari o‘rtasidagi hamkorlik ishlari rivojlanib borayotganiga to‘xtaldi.
Ta’kidlash joiz, Rossiya va Qozog‘istonning taniqli olimlari bilan hamkorlikda Nukus tumani hududidagi “Kerder” madaniyatiga tegishli “Hayvonqal’a” tarixiy yodgorligida 2023-2024-yillarda xalqaro ekspeditsiya doirasida arxeologik qazish ishlari olib borilgan edi. Bu yilgi xalqaro arxeologik ekspeditsiya 3-30-may kunlari oralig‘ida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtda institut tomonidan tayyorgarlik ishlari to‘liq yakunlandi.

Uchrashuvda ekspeditsiya davomida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Tadbir yakunida mehmonlar institutdagi Ajiniyoz muzeyida bo‘lib, bu yerdagi eksponatlar, tarixiy qo‘lyozma kitoblar bilan tanishishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.