Arnasoyda suvni aniq o‘lchash madaniyati shakllanmoqda
Bugun suv nafaqat tabiiy ne’mat, balki strategik boylik sifatida qadrlanayotgan davrda uning har bir tomchisini hisob-kitob asosida boshqarish hayotiy ahamiyat kasb etmoqda. Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv-amaliy mashg‘ulot ana shu muhim maqsadga xizmat qildi.
Tumanning “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan LR-18-6 sug‘orish tarmog‘ida tashkil etilgan tadbir gidrometriya va suv hisob-kitobini yuritishning zamonaviy usullarini amaliyotga keng tatbiq etish, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratildi.

Mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida ”gi qarori bu borada yangi bosqichni boshlab berdi.
Mazkur hujjatda suv hisobini yuritish tizimini takomillashtirish, suv monitoringi va hisobotlarini raqamlashtirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish hamda gidrotexnik inshootlar faoliyati samaradorligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.
Arnasoydagi amaliy mashg‘ulot aynan shu vazifalar ijrosining hayotdagi ifodasi bo‘ldi. Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan suv sarfini o‘lchashning aniq mexanizmlari, gidrometrik kuzatuvlarni tashkil etish, suv hisob-kitobi hujjatlarini yuritish va ma’lumotlarni tizimlashtirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, suv resurslarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, sug‘orish tarmoqlarida hisob-kitob aniqligini ta’minlash va shaffoflikni kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, suvni tejash avvalo uni to‘g‘ri hisoblashdan boshlanadi. Chunki aniq hisob yuritilgan joyda isrofgarchilikka o‘rin qolmaydi, resurslardan foydalanish samaradorligi ortadi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi kuchayib borayotgan bugungi sharoitda gidrometriya xizmati zimmasiga yuklanadigan mas’uliyat har qachongidan ham ortmoqda. Tadbir yakunida ishtirokchilarga suv hisobini yuritishda aniqlik va shaffoflikni ta’minlash, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda sohadagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA