Armiya ham tomorqachilarga yordam beryapti
Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi 900 xonadonga suv chiqarib beriladi.
Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi 900 xonadonga suv chiqarib beriladi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi.
Mudofaa vazirligi va harbiy okrug tasarrufidagi muhandislik boʻlinmalaridan tuzilgan yigʻma burgʻulash otryadi tomonidan suv taʼminoti ogʻir aholi punktlarida dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari uchun sugʻorish quduqlari qazib berilmoqda.
18-aprel kuni koʻchma otryad Karmana tumanidagi Kumushkon aholi punktiga borib joylashdi. U yerda harbiy xizmatchilar tomonidan dala chodirlari tiklanib, maxsus texnikalar uchun joy hozirlandi.
Hozirgi kungacha PBU-50, PBU-200 hamda UDV-15 koʻchma burgʻulash texnikalari yordamida 20 oila tomorqasiga suv chiqarib berildi. Aholi yashash manzillarida 15 metrgacha chuqurlikdan suv tortib chiqarilmoqda.
Mudofaa vazirligi muhandislik texnikalari Xatirchi tumanidagi Oʻzbekiston qishlogʻida ham burgʻulash ishlarini davom ettirmoqda. Qir-adirlardagi lalmikor yerlarda 200 metrgacha chuqurlikdan suv qazib chiqarilishi koʻzda tutilgan.