Armiya generali Vatutinning o‘zbekistonlik shogirdi
9 may – Xotira va qadrlash kuni
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi polkovnik Husan Botirov, Mirobod tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Dilmurod Ortiqov va bir qator mutasaddilar poytaxtimizning Mirobod tumani, Oltinko‘l ko‘chasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi faxriysi Abdulla ota Taziyev holidan xabar oldi.
Bu haqda “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonlarni 97 yoshli otaxon samimiy va shodon qarshi oldi.
– Frontga chaqirilganimda 17 yoshda edim. Stalingradda harbiy tayyorgarlikni o‘taganman. Hech esimdan chiqmaydi: bizga jang san’atidan shaxsan qo‘mondon, armiya generali N. Vatutin saboq bergan. Ukrainadagi janglarimiz juda og‘ir kechgan. Bosqinchilarga bo‘lgan nafratim shunchalik kuchli ediki, Vatanimni himoya qilish yo‘lidagi har qanday xavf-xatar meni cho‘chita olmasdi. 19 yoshimda rota komandiri etib tayinlandim. Hozirda mayor harbiy unvonidaman. Aytishlaricha, urush davridagi kam sonli eng yosh komandirlardan biri bo‘lgan ekanman. Lekin men oddiy askar bo‘lib Vatanimni himoya qilsam ham aslo pushaymon bo‘lmas edim, – dedi urush faxriysi.
Uchrashuvning eng ta’sirli va esda qoladigan jihati shunda bo‘ldiki, Abdulla ota suhbat asnosida qayta-qayta qo‘llarini duoga ochib, Yaratgandan yer yuzida mutlaqo urush bo‘lmasligini, yurtimizda doimo tinchlik va farovonlik hukm surishini so‘rab, duo qildi.
Mehmonlar o‘zlari bilan keltirgan sovg‘a-salomlarni otaxonga topshirib, sihat-salomatlik va yana uzoq yillar umr ko‘rishini tilab, iliq xayrlashdilar.
Mehmonlarni kuzatib chiqqan Abdulla otaning o‘g‘li Ildar Taziyev, “Dadamning qon bosimi oshib ketib, tura olmayotgan edilar. Lekin sizlarning kelayotganlaringizni eshitib, quvonchdan o‘rinlaridan turib ketdilar”, – dedi quvonib. Uning bu gapi yurtimizdagi keksa avlod vakillari, xususan, yildan-yilga safi qisqarib borayotgan urush faxriylarini bot-bot yo‘qlab, ko‘ngillariga taskin berib turishimiz zarurligini barchaga yana bir bor eslatgandek bo‘ldi.