Arizalarni ko‘rib chiqish muddati buzilgan
Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida” gi nizom talablariga rioya etish holati o‘rganildi.
Elektron axborot tizimi orqali monitoring qilinganda vakolatli idoralar tomonidan tizimli ravishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.
Mazkur davlat xizmati bo‘yicha 2021 yilda jami 7 ming 326 ta arizalar kelib tushgan. Shundan 2 ming 581 tasi ijobiy deb topilgan. Mas’ul tashkilotlar o‘n ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini, taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqishi va yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn elektron shaklda ma’lumotlarni tasdiqlashi belgilangan bo‘lsada, mazkur talabga rioya etilmagan. 678 ta arizalarni ko‘rib chiqishda muddat buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, tibbiyot birlashmalari 386 ta, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi 11 ta, tijorat banklar 225 ta, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari 35 ta, Davlat soliq inspeksiyasi 30 ta, Yoshlar ishlari agentligi 12 ta, hokimliklar 31 ta murojaatni muddatida ko‘rib chiqmagan.
Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 737 ta arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan 96 tasi ijobiy deb topilgan. Mazkur murojaatlarning 30 tasini ko‘rib chiqishda muddat buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli organlarga qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida 7 ta taqdimnoma, 92 ta ogohnoma kiritilgan. Shuningdek, 24 nafar mas’ul xodimlar ma’muriy javobgarlikka hamda 7 nafari intizomiy jazoga tortilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA