AQSHda yashab ham Vatanga xizmat qilish mumkin
VATANDOSHLARInson Vatandan uzoqlashgan sari uning qadrini, tarixini va taqdirini yanada teranroq anglar ekan. Masofa ba’zan ko‘z ilg‘amagan haqiqatlarni ko‘rsatadi, kundalik hayotda oddiy tuyulgan qadriyatlarni esa yurakka yanada yaqinlashtiradi. Oilam bilan Amerikada yashayotganimga ancha yillar bo‘ldi.
Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan kelgan insonlar bilan muloqot qilaman. Turli millatlar, tillar, madaniyatlar va tarixlar bir makonda uyg‘unlashgan. Shu muhitda yashab, bir haqiqatni yanada teranroq angladim: millatning eng katta boyligi uning hududi yoki moddiy ne’matlarida emas, balki asrlar sinovidan o‘tgan boy tarixi, milliy xotirasi, tili, qadriyatlari va o‘zligini anglashidadir.
Shu kunlarda Nyu-York shahri va Amerikaning bir qator shtatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, o‘zbek diasporasi vakillari orasida ko‘tarinki kayfiyat hukm surmoqda. Buning sababi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, davlat va jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Millat shavkati» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tganidir. Faxr bilan ayta olamanki, bu oddiy kitob taqdimoti emas, balki vatandoshlarni bir manzilga chorlagan, diydor ulashgan va barchamizni mushtarak fikr hamda tuyg‘ular atrofida jamlagan ma’naviy muloqot maydoniga aylandi.
Fikrimni muallif haqidagi bir e’tirofdan boshlamoqchiman. Davlat rahbari haqida yozishning o‘zi katta jasorat va jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. Zero, rahbarning hayot yo‘li, faoliyati, shaxs sifatida shakllanishi, dunyoqarashi va murakkab vaziyatlarda qaror qabul qilish mahoratini xolis va asosli yoritish oson emas. Qudratilla Rafiqov bu murakkab vazifani tarixiy voqealar, siyosiy jarayonlar, shaxsiy kuzatuvlar va tahliliy mulohazalar uyg‘unligida yoritishga harakat qilgan. Asarni o‘qir ekansiz, u faqat bir shaxsning siyosiy portretini yaratish bilan cheklanmaganini anglaysiz. Davlat rahbari haqida so‘z yuritish, ayni paytda, muayyan davr, jamiyat va millat hayotida kechayotgan o‘zgarishlarni tahlil qilish hamdir. Shu nuqtai nazardan, «Millat shavkati» mamlakatimiz taraqqiyotining muhim bosqichlari, jamiyatdagi o‘zgarishlar va milliy tafakkurda kechayotgan jarayonlarni anglashga xizmat qiladi.
Men uchun «Millat shavkati» avvalo, Vatan haqidagi kitobdir. Uning mazmun-mohiyati O‘zbekiston hududi bilangina cheklanmaydi. Dunyoning qaysi burchagida — Toshkentdami, Samarqanddami, Nyu-Yorkdami yoki Vashingtondami yashashimizdan qat’i nazar, o‘zini shu xalq va shu tarixning bir bo‘lagi deb his qiladigan har bir inson ushbu asardan o‘ziga yaqin, uni o‘ylantiradigan va ruhlantiradigan fikrlarni topishi mumkin.
Kitobni o‘qir ekanman, uning nomi ustida ham o‘yladim: «Millat shavkati» o‘zi kim? Albatta, asarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev siymosi, uning xalq va Vatanga munosabati, mamlakatda kechayotgan yangilanishlar bilan uyg‘un talqin etiladi. O‘zbekistonning ichki taraqqiyoti, dunyoga ochilishi va tashqi munosabatlaridagi o‘zgarishlar bugungi davrning muhim xususiyatlaridan biridir. Fikrimcha, «millat shavkati» tushunchasini faqat bir shaxs bilan cheklab bo‘lmaydi. Men uchun millat shavkati — xalqning o‘zligini anglashi, tarixini qadrlashi, bugunini yaratishi va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishidir. Millatning qudrati faqat buyuk ajdodlari bilan emas, balki bugungi avlodining qanday yashashi, qanday mehnat qilishi, qanday ilm olishi va dunyoga qanday yuz bilan chiqishi bilan ham belgilanadi.
Muhtaram Prezidentimizning oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosatini xorijdan turib kuzatayotgan inson sifatida shuni aniq ayta olamanki, bu siyosatning xalqimiz hayoti va mamlakatimiz taraqqiyotiga nechog‘lik manfaatli bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Shu ma’noda, Vatanimizning dunyoga ochilishi, xorijiy davlatlar bilan ochiq va konstruktiv munosabatlarning kengayishi biz uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochayotganini alohida e’tirof etmasdan bo‘lmaydi. Kitobdagi «Uyg‘onayotgan arslon», «Kutib ol, dunyo...», «Tarix sinovlaridan o‘tgan haqiqat», «Millat shavkati» kabi maqolalarda O‘zbekistonning kechagi va bugungi kuni, milliy xotira, tarixiy o‘zlik, Yangi O‘zbekistonning dunyoga ochilishi, Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarakligi haqida teran fikrlar ilgari suriladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – AQSH munosabatlari siyosiy muloqotdan tortib iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim, texnologiya, energetika, aviatsiya va innovatsiya kabi ko‘plab sohalarga qadar kengayib, yangi mazmun kasb etmoqda. Bu munosabatlarning siyosiy ahamiyati ham tobora ortib bormoqda. 2025-yil sentabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muloqotda ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston – Amerika strategik sherikligini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Tomonlar muloqotni ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tkazgani qayd etildi.
E’tiborli jihati shundaki, Prezident Donald Tramp Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi. Bu — O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolatdir.
2025-yil noyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi esa bu munosabatlarning amaliy mazmunini yana bir bor namoyon etdi. O‘zbekiston Prezidenti Oq uyda Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazdi, shuningdek, AQSHning siyosiy doiralari va yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Tashrif yakunida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Prezidentlar o‘rtasidagi iliq va hurmatga asoslangan muloqot ham alohida ahamiyatga ega. 2025-yil dekabr oyidagi telefon suhbatida Donald Tramp O‘zbekiston rahbari va xalqini Yangi yil bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi. Shu muloqotda ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligi istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Menimcha, bugun Amerikada «Millat shavkati» kitobini taqdim etishning yana bir muhim jihati aynan shunda. Biz o‘z tariximiz, milliy o‘zligimiz va Vatanimiz haqida so‘z yuritayotgan bir paytda, O‘zbekistonning AQSH bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Demak, Amerikada yashayotgan o‘zbeklar uchun Vatan bilan aloqani saqlash endi faqat tarixiy xotira masalasi emas. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi tobora kengayib borayotgan insonlar, bilimlar, g‘oyalar va imkoniyatlar ko‘prigiga ham aylanmoqda. Bugun O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichda rivojlanib borayotgan bir paytda, ikki davlat va xorijda yashayotgan o‘zbeklar o‘rtasidagi ma’naviy va madaniy aloqalar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Amerikada yashayotgan yurtdoshlarimiz nafaqat o‘z mehnati va yutuqlari bilan, balki milliyligini asrab-avaylashi, Vatan bilan aloqalarini mustahkamlashi orqali ham O‘zbekistonning xorijdagi timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari go‘yo bir musht bo‘lib, ezgu maqsadlar va yaxshi niyatlar bilan oldinga qadam tashlayotgani quvonarli. Bu jarayonda, shubhasiz, mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va sa’y-harakatlari muhim o‘rin tutmoqda.
«Millat shavkati» kitobining AQSHdagi taqdimotlari davomida biz, ayniqsa, yoshlarga alohida e’tibor qaratdik. Negaki, bugun Amerikada o‘zbeklarning yangi avlodi voyaga yetmoqda. Ular orasida O‘zbekistonda tug‘ilib, keyinchalik Amerikada ta’lim olganlar ham, shu yurtda tug‘ilib o‘sgan ikkinchi avlod vakillari ham bor. Bugun ular Nyu-York va boshqa shtatlardagi maktab, kollej hamda dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. Ular orasida fan, tibbiyot, huquq, texnologiya, sport va boshqa sohalarda katta natijalarga erishayotgan yoshlar ko‘paymoqda.
Bu biz uchun katta imkoniyat. Chunki bugungi yoshlar ertaga nafaqat o‘z kasbining yetuk mutaxassisi, balki jamiyatda muhim o‘rin tutadigan olim, shifokor, huquqshunos, sportchi, tadbirkor va davlat arbobi bo‘lib yetishishi mumkin. Shuning uchun ularga bir haqiqatni anglatish juda muhim: qayerda yashamasin, qaysi tilda ta’lim olmasin, qaysi davlat fuqarosi bo‘lib shakllanmasin, inson o‘zining kimligini, qaysi millat farzandi ekanini va qaysi zamin uning tarixiy Vatani ekanini unutmasligi kerak.
Amerikada yashayotgan yurtdoshlarimiz orasida bunday ibratli misollar ko‘p. Masalan, birgina vatandoshimiz Ozod aka Soliyevning qizi tibbiyot sohasida fan doktori darajasiga erishdi. Yoki sportda Xorun Amatjonov kabi yoshlarimiz Amerika musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston nomi va bayrog‘ini munosib tarzda yuksakka ko‘tarmoqda. Shaxmat, fan olimpiadalari va boshqa yo‘nalishlarda ham o‘zbek yoshlarining yutuqlari ko‘payib bormoqda.
Bugun Amerikada tahsil olayotgan o‘zbek yoshlarining bir qismi ertaga O‘zbekistonga qaytib, o‘z bilimi va salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga bag‘ishlashi mumkin. Eng muhimi, bugun Amerikada o‘sib-ulg‘ayayotgan ikkinchi avlod ertaga farzandli bo‘ladi. Ularning farzandlari esa o‘zbeklarning uchinchi avlodi sifatida shakllanadi. Balki ular orasida kelajakda senator, Kongress a’zosi, sudya, prokuror, olim, shifokor yoki yirik kompaniya rahbarlari yetishib chiqar. Shunday ekan, bugun biz uchun eng muhim vazifalardan biri ana shu avlodlarning o‘z tarixidan, milliy o‘zligidan va Vatanidan uzilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Menimcha, «Millat shavkati» kitobining ahamiyati ham aynan shu yerda namoyon bo‘ladi. Kitob xorijda yashayotgan o‘zbek yoshlariga «Sen kimsan?», «Sening tarixiy ildizlaring qayerda?», «Millating va Vataning oldida qanday mas’uliyating bor?» degan savollarni qalban his qilishga yordam beradi. Ayniqsa, o‘zbek tili muhitidan uzoqroqda yashaydigan yoshlar uchun bu kabi kitoblar milliy til va milliy tafakkur bilan qayta bog‘lanishning muhim vositasi bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda, «Millat shavkati» faqat o‘tmish haqidagi kitob emas, balki bugungi avlodni ertangi kun bilan bog‘laydigan ma’naviy ko‘prikdir.
Kitobda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuz bergan o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, mamlakatning bugungi taraqqiyot yo‘li va kelajak maqsadlari haqida so‘z yuritilishi ham bejiz emas. Yangi O‘zbekiston o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan tushuncha emas. Uning zamirida tarixiy xotira, milliy o‘zlik, yangilanishga intilish va kelajak uchun mas’uliyat bor. Ana shu mas’uliyatni xorijdagi yoshlarimiz ham his qilishi kerak.
Aynan shu nuqtada sportning o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Nega sport? Chunki sport insonni tarbiyalaydigan, iroda va intizomni shakllantiradigan, qiyinchiliklarga bardosh berishga va g‘alaba uchun kurashishga o‘rgatadigan katta maktabdir. Ammo sportning ahamiyati bundan ham kengroq. U xalqlar va avlodlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish, o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlashning ta’sirchan vositalaridan biridir. Biz Turon haqida gapirar ekanmiz, uni faqat o‘tmish bilan bog‘lab qo‘ymasligimiz kerak. Turonning tarixi buyuk bo‘lgani kabi, uning kelajagi ham, avvalo, yoshlar bilan bog‘liq. Yoshlar esa bir-birini ta’lim, madaniyat va sport orqali eng yaxshi taniydi.
Sport maydonida insonning millati, tili yoki qayerdan kelganidan ko‘ra uning mehnati, mahorati va irodasi muhim bo‘ladi. Bir maydonda bellashgan ikki yosh avvalo raqib bo‘lishi mumkin, ammo musobaqadan so‘ng ular do‘st, hamkor va bir-birining madaniyatini anglagan insonlarga aylanadi.
Bu yerda sportning o‘rni beqiyos. Sport — millatni birlashtiradigan, yoshlarni tarbiyalaydigan va mamlakatni dunyoga tanitadigan kuchli vosita. Ayniqsa, milliy sport turlarimizni xorijda ommalashtirish orqali yoshlarda milliy g‘urur va Vatanga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish mumkin.
Turon g‘oyasi ham ana shu nuqtada o‘z mazmuniga ega bo‘ladi. Turli davlatlarda yashayotgan, turli tillarda so‘zlashayotgan yoshlarni umumiy tarix, madaniyat, milliy qadriyatlar va sport orqali birlashtirish — bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
«Millat shavkati» kitobida taraqqiyotning tamal toshi ilm-fan, ta’lim va tarbiya ekani ta’kidlanadi. Fikrimcha, sport ham ana shu tarbiyaning muhim tarkibiy qismidir. Bugun bizga nafaqat bilimli, balki irodali, intizomli, jasur, maqsad sari qat’iyat bilan intiladigan va o‘z millati bilan faxrlanadigan yoshlar kerak. Shu ma’noda, Xalqaro Turon Federatsiyasi uchun sport shunchaki musobaqalar tashkil etishdan iborat emas. Bu — yoshlarni birlashtirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, umumiy tarixga ega xalqlarning bugungi avlodini bir-biriga yaqinlashtirish va xalqaro hamkorlik uchun yangi maydon yaratish imkoniyatidir.
Bu borada 2025-yil Turon yakkakurashi tarixida muhim bosqich bo‘ldi. O‘zbekistonning milliy sport turi — Turon yakkakurashi bo‘yicha xalqaro boshqaruv organi — International Turon Federation (Xalqaro Turon Federatsiyasi) AQSHning Nyu-York shahrida tashkil etildi. Federatsiyaning aynan Amerika Qo‘shma Shtatlarida tashkil etilgani milliy sportimizning xalqaro maydonga chiqishi bilan bir qatorda, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar doirasida sport diplomatiyasini rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ochdi.
Turli mamlakatlar vakillarining bir maydonda jam bo‘lishi Turon yakkakurashini xalqaro sport harakati sifatida rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu — milliy sportimizga va uni xalqaro maydonda rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga berilgan yuqori e’tibor va bahodir. Zero, bugun milliy sport turlarini dunyoga tanitish nafaqat sportchilarning mahoratini namoyish etish, balki mamlakatning tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini xalqaro maydonda targ‘ib qilishning ham samarali usulidir.
Ayni paytda Xalqaro Turon Federatsiyasi turli qit’alarda milliy federatsiyalarni shakllantirish, xalqaro musobaqalar o‘tkazish, sportchilar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, Turon yakkakurashini keng targ‘ib qilishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirmoqda.
Bugun Amerikada o‘zbek yoshlarining fan, ta’lim va sportdagi yutuqlarini ko‘rib, bir narsaga ishonch hosil qilasan: agar ularning qalbida Vatan tuyg‘usi, millatga daxldorlik hissi mustahkam bo‘lsa, ular qayerda yashashidan qat’i nazar, O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Shu ma’noda, «Millat shavkati» nafaqat bugungi avlod, balki ertangi — uchinchi, to‘rtinchi avlod o‘zbeklari uchun ham muhim ma’naviy manba bo‘lishi mumkin. Zero, uyg‘onayotgan millatning eng katta kuchi — o‘zligini anglagan, tarixini bilgan va kelajagi uchun mas’uliyatni his qilgan avloddir.
Bugun dunyoning turli burchaklarida yashayotgan o‘zbeklar qalbida uyg‘onayotgan milliy g‘ururni «uyg‘onayotgan arslon» timsoli bilan ifodalash mumkin. Arslon qayerda bo‘lmasin, o‘zining kimligini unutmaydi. Millat ham dunyo sahnasida o‘z o‘rnini topishi uchun avvalo o‘zligini anglashi kerak.
Bu jarayonda xorijda yashayotgan vatandoshlarimizning ham o‘rni va hissasi katta. Biz Amerikada turib ham Vatanimiz bilan bog‘liq ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashimiz, yosh sportchilarimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratishimiz, ularning yutuqlarini dunyoga tanitishimiz va O‘zbekistonning milliy sport turlarini xalqaro maydonda munosib targ‘ib etishga hissa qo‘shishimiz mumkin.
Bu borada davlatimiz rahbariyati va yurt taraqqiyotini o‘ylaydigan barcha insonlarning taklif va tashabbuslarini jon qulog‘imiz bilan eshitishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Shaxsan o‘zim ham yurtim ravnaqi va yoshlarimiz kelajagi uchun barcha imkoniyat va salohiyatimni ishga solishga tayyorman.
Kitobda ta’kidlanganidek: «Millatning ulg‘ayishi uchun har birimiz daxldormiz». Men bu fikrni sport sohasiga ham to‘liq tatbiq etgan bo‘lardim. Zero, sport nafaqat sog‘lom avlod tarbiyasi, balki milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va yurt sha’nini dunyoga namoyon etishning muhim vositasidir.
Bugun «Millat shavkati» kitobini Amerikada taqdim etayotganimizning o‘zi ham men uchun katta ramziy ma’noga ega. Sababi biz dunyoning eng yirik madaniy va siyosiy markazlaridan birida turib, o‘z tariximiz, o‘zligimiz va o‘z Vatanimiz haqida so‘zlayapmiz. Shu ma’noda, kitobdagi bir fikrni yana bir bor takrorlashni istardim: «Millatning ulg‘ayishi uchun har birimiz daxldormiz».
Menimcha, bugungi uchrashuvning, bugungi kitob taqdimotining va umuman, xorijdagi har bir vatandoshimizning faoliyatidagi eng muhim ma’naviy saboq ham shu. Biz tarixdan kuch olishimiz, bugunni qadrlashimiz va kelajakni birgalikda qurishimiz kerak. Dunyo O‘zbekistonni faqat buyuk tarixi bilan emas, bugungi salohiyati, ilmli va jasur yoshlari, kuchli sporti, boy madaniyati, tadbirkorlari va dunyoga ochiq yangi avlodi bilan ham tanishi kerak. Bu vazifa faqat yurtda yashayotganlar zimmasida emas, xorijdagi har bir vatandoshning ham bu jarayonda o‘z o‘rni bor.
Shu ma’noda, «Millat shavkati» kitobining Nyu-York va Amerikaning bir qator shtatlaridagi taqdimotlari biz uchun oddiy madaniy tadbir emas, qalblarni Vatan bilan yana bir bor bog‘lagan unutilmas voqelik bo‘ldi. Taqdimotda ishtirok etgan har bir vatandoshning kөnglida iliqlik uyg‘ondi, Vatan sog‘inchi bir muddat bo‘lsa-da bosildi. Samimiy suhbatlar, fikr va mulohazalar, yangi-yangi takliflar bilan birga, kelgusidagi uchrashuvlarimiz va ezgu tashabbuslarimiz uchun mustahkam zamin yaratildi.
Eng muhimi, ushbu uchrashuvlar bizning orzu va maqsadlarimiz ko‘lamini yanada kengaytirdi. Orzularimiz masshtabini ming karra oshirib, Vatan uchun yanada katta ishlar qilishga ishonch va ruh bag‘ishladi. Biz yana bir bor angladikki, dunyoning qaysi nuqtasida yashamaylik, Vatan taqdiri, millat kelajagi va yoshlarimiz kamoliga daxldormiz.
Ana shunday ma’naviy uyg‘onish, birdamlik va ezgu maqsadlarga undaydigan asar dunyoga kelgani uchun «Millat shavkati» muallifiga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Bu kitob biz uchun katta yangilik, muhim ma’naviy voqelik va kelgusi ezgu ishlarimizga kuch bag‘ishlaydigan manba bo‘ldi. Millat taqdiri barchamizning umumiy mas’uliyatimiz, «Millat shavkati» ham ana shu umumiy mas’uliyatdan boshlanadi.
Farrux NIYAZIMBETOV,
Xalqaro Turon Federatsiyasi prezidenti.
AQSH, Nyu-York shahri.
O‘zA