AQSH yana Xusiylar hujumiga uchradi
Yamanning shimoliy qismini boshqarayotgan shia harbiy-siyosiy harakati “Ansor Alloh” AQSHning Qizil dengizdagi “Harry Truman” aviatashuvchisiga zarba berdi, deb xabar tarqatdi xusiylar vakili Yahyo Saria ijtimoiy tarmoq orqali.
Xabarda hujum qanotli raketa va dronlar orqali uyushtirilgani aytilmoqda. "Turli toifadagi qo‘shinlar birgalikda uyushtirgan amaliyot Amerikaning mamlakatimizga va xalqimizga nisbatan amalga oshirgan bosqinchiligiga qarshi javob”, — deyilgan bayonotda.
Saria ta’kidlashicha, xusiylar o‘z harakati bilan Qo‘shma Shtatlar Yamanning harbiy salohiyatiga ta’sir ko‘rsata olmaganini tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 15 mart kuni kechqurun Markaziy qo‘mondonlik "AQSH manfaatini himoya qilish, dushmanni tiyib qo‘yish va savdo kemalari qatnovini qayta tiklash" maqsadida “Ansor Alloh” guruhiga qarshi keng ko‘lamli amaliyot boshlanganini e’lon qilgan. Shundan buyon hududda 100 dan ziyod odam halok bo‘ldi. Xusiylar javob chorasi sifatida Amerika kemalariga zarba bermoqda.
Bu guruh Yamanning Qizil dengiz sohilidagi salmoqli hududini nazorat qiladi. Yaqin Sharqda mojaro kuchaygach, harakat Tel-Avivga aloqasi bor kemalarni o‘qqa tuta boshlagan. Natiajada Suvaysh kanali orqali qatnov keskin kamaydi. Bundan tashqari, xusiylar vaqti-vaqti bilan Isroil hududiga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum uyushtirmoqda. Ular o‘z harakatini falastinliklarga yordam berayotganliklari bilan izohlamoqda.
AQSH, Buyuk Britaniya va Isroil Yamanga muntazam raketa hujumi bilan javob berib keladi.
S.Rahimov, O‘zA