AQSH va Eron to‘qnashuvi qayta boshlanishi mumkinmi?
Fors ko‘rfazi davlatlari AQSH va Eron o‘rtasida keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuv qayta boshlanishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mintaqada Qo‘shma Shtatlar harbiy kuchlarining ko‘paytirilishi, Isroil va Eron armiyalarining yuqori shaylik holati hamda Vashingtonning xavfsizlik ogohlantirishlari keskinlikni yanada kuchaytirdi.
AQSH Davlat departamenti Saudiya Arabistonida faoliyat yurituvchi amerikalik davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolariga mamlakatni tark etishni buyurdi. Idora bu qarorni husiylar hujumlari kuchaygani bilan izohladi.
Pentagon Fors ko‘rfaziga qo‘shimcha harbiy texnika, jumladan, uchinchi avianosets va minglab harbiylarni yuborgani xabar qilinmoqda. Tehron esa yangi hujum bo‘lsa, mintaqadagi AQSH manfaatlari va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi javob zarbalari berilishini ma’lum qildi.
“The New York Times” nashri AQSH va Isroil Eronning energetika ob’ektlari, yadroviy inshootlari, raketa hamda dron zaxiralariga zarba berish rejalarini ishlab chiqqanini xabar qildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Qatardagi uchrashuvlar chog‘ida vaziyatning noaniqligi sababli “o‘ta ehtiyotkorlik” zarurligini ta’kidladi. Ayni paytda Qatar va Pokiston vositachiligida diplomatik muloqot davom etmoqda.
Ekspertlar fikricha, yangi nizo nafaqat mintaqadagi tinch aholi xavfsizligiga tahdid solishi, balki neft, tabiiy gaz va boshqa muhim mahsulotlar yetkazib berilishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA