AQSH Suriyadagi harbiy ishtirokini tugatdi(mi)?
“North Press Agency” axborot agentligi xabar berishicha, AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning so‘nggi harbiy karvoni Suriyaning El-Hasaka hududidagi "Kasrak" bazasini tark etdi.
Maqolada hudud nazorati Suriya armiyasiga o‘tkazilgani ta’kidlangan. Nashr Amerika qo‘shinlari va texnikasining olib chiqilishi va Suriya harbiy xizmatchilarining kelishi haqidagi tegishli videolavhalarni e’lon qildi. Ekspertlar fikricha, bu Qo‘shma Shtatlarning Suriyada quruqlikdagi harbiy ishtirokining to‘liq yakunlanishi ekanligini anglatadi.
Ushbu xabarlardan so‘ng, Suriya Mudofaa vazirligi mamlakat qo‘shinlarining bazaga kirishini tasdiqladi. Suriya Tashqi ishlar vazirligi AQSH qo‘shinlari joylashgan harbiy inshootlarni Suriya hukumatiga yakuniy topshirish boshlanishini olqishladi. Vazirlik bu “SDF” kuchlarining mamlakat milliy tuzilmalariga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi natijasi ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu o‘lka hukumati xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kurashishga tayyorligini ma’lum qildi.
S.Rahimov, O‘zA