AQSH Senati Eron bo‘yicha rezolyutsiyani rad etdi
AQSH Senati prezidentning Kongress roziligisiz harbiy harakat olib borish huquqini cheklovchi rezolyutsiyani to‘rtinchi marta rad etdi, deb xabar berdi DW nashri.
AQSH Senati Donald Tramp ma’muriyatini Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatish va qo‘shinlarni mojaro hududidan olib chiqishga majbur qilishi mumkin bo‘lgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi.
Hujjatni tasdiqlash uchun Demokratik partiya vakillari tashabbus ko‘rsatgan. Unga 47 nafar senator yoqlab deb ovoz bergan bo‘lsa, 52 nafari qarshi chiqqan. Ovoz berish natijasiga Respublikachi partiya ustunligi katta ta’sir ko‘rsatgan.
Demokratlar Eronga qarshi harbiy harakatni noqonuniy va yetarli asosga ega emas, deb hisoblaydi. Ular rezolyutsiyani yana Senat muhokamasiga kiritishni va mojaro tugamaguncha ovoz berishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Senat yil boshidan buyon Trampning harbiy qarorlarini qo‘llab kelmoqda. 2026-yil boshidan beri Senat to‘rtinchi marta harbiy harakatlarni cheklovchi hujjat tasdiqlanishini rad etdi. Bu bilan AQSH Senati o‘zining harbiy masalalardagi konstitutsion vakolatlarini prezident foydasiga cheklab qo‘yayotgani aytilmoqda.
1973-yilda qabul qilingan “Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun”ga ko‘ra, Kongress harbiy harakatlar boshlanganidan keyin 60 kun ichida urush e’lon qilishi yoki kuch ishlatishga rasmiy ruxsat berishi kerak. Bu muddat aprel oyi oxirida tugaydi, ammo qonunchilik uni yana 30 kunga uzaytirishga yo‘l berayapti.
Mutaxassislarning aytishicha, yaqin vaqt ichida Donald Tramp ma’muriyati mojaroni hal qilish va keskinlikni kamaytirish bo‘yicha aniqroq reja taqdim etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, AQSHda Qurolli kuchlardan foydalanish qarorlarida Kongressning o‘rni haqidagi bahslar ichki siyosatdagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/sMENAfL_mps?si=ASaG7EsOD0_WeFWO" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA