“Aqlli shahar” konsepsiyasini yo‘lga qo‘yishda Xitoy bilan hamkorlik qilinadi
Toshkent shahar hokimligida Xitoyning "Shanghai LinkWise Data Tech" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
"Shanghai LinkWise Data Tech" kompaniyasi raisi Van Syuhuyey bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Toshkent shahrida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, sun’iy intellekt yechimlaridan samarali foydalanish, ma’lumotlarni yagona raqamli muhitda jamlash, ularni tahlil qilish, qayta ishlash, saqlash hamda data-markazlar va "bulut"li infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda “Qulay shahar muhiti” va “Aqlli shahar” konsepsiyalari doirasida transport harakatini intellektual boshqarish, tirbandliklarni tahlil qilish va prognozlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, ekologik monitoring hamda kommunal xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan raqamli yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va Toshkent shahrining raqamli rivojlanish yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA