Aql gimnastikasida chiniqqan o‘g‘lon
Shaxmatda yutuqlarga erishgan, ko‘plab shaxmatchilarni yetishiga hissa qo‘shgan Sirojiddin Zayniddinov 1990 yil Jizzax viloyati Arnasoy tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. Maktab yoshiga yetguniga qadar u shaxmat sport turiga alohida mehr qo‘yadi.
Dastlabki shaxmat saboqlarini otasidan oladi. 1999 yilda otasi bilan Toshkentga keladi va poytaxtdagi 106-sonli Zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida tahsil oladi. O‘quv jarayonlari bilan bir qatorda shaxmat bilan professional shug‘ullana boshlaydi.
Sirojiddin ilk yutuqqa erishganda maktab o‘quvchisi edi. 2008-2011 yil imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kolleji kompyuter dasturi yo‘nalishida o‘qiydi. 2011 yilda Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga qabul qilinadi va 2015 yil a’lo baholar bilan oliy o‘quv yurtini tamomlaydi. Ana shundan so‘ng uning hayotida murabbiylik va shaxmat bo‘yicha ko‘plab shogirdlar yetishtirishga imkoniyat eshiklari yanada kengroq ochiladi. 2016 yildan Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan o‘smirlar va bolalar sport maktabida murabbiylik qila boshlaydi. Hozirga qadar yuzlab o‘quvchilarga shaxmatdan saboq berib kelmoqda.

Uning hayotda bir shiori bor. Yurgan odam yiqiladi, ishlagan odam xato qiladi. Ammo xatolarni qilmaslik uchun yuksak did va tajriba zarur bo‘lishini yaxshi biladi. Sirojiddin Zayniddinov ham har doim olg‘a qadam bosishga odatlangan. Uning hayotida mag‘lubiyatlar, tushkunlik holatlari ko‘p bo‘lgan. Ammo u har qanday vaziyatda ham ortga chekinmaslikka harakat qiladi, imkon qadar faqat olg‘a intiladi. Farzandlari va shogirdlari unga qanot.
– Farzandlarimni qiziqishlariga qarab o‘zlari xohlagan sohaga yo‘naltiraman, – deydi Sirojiddin Zayniddinov. – Ularni qaysi kasbni egallashlarini o‘ziga qo‘yib beraman. Chunki otaning vazifasi farzandini qaysidir sohaga olib kirish emas, uni rag‘batlantirish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir. Shaxmatni o‘rganish uchun qadam qo‘ygan yoshlarga esa ahdlaridan qaytmaslikni, har qanday vaziyatda ham shaxmat bilan shug‘ullanishni tavsiya qilaman. To‘g‘ri, u shaxmatda yutuqlarga erishmasligi mumkin. Ammo shaxmat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan inson har bir kasbda o‘zining o‘rnini topib ketadi. Shaxmat unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Har holda men shunga ishonaman. Chunki shaxmat meni tushkunlikdan, kayfiyatsizlikdan olib chiqqan. O‘z oldimga maqsad qo‘yishni o‘rgatgan.
Sirojiddin Zayniddinov shaxmat buyicha FIDE ustasi, Zaif eshituvchi yoshlar o‘rtasida ikki karra Jahon chempioni va kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni. U 2014 yildan boshlab professional shaxmatchi sifatida O‘zbekiston nomini himoya qilib kelmoqda. Germaniyaning Malente shahrida o‘tkazilgan ICSC tasnifida o‘smir yoshlar o‘rtasida Jahon chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganda u 14 yoshda edi. Shundan so‘ng turli mamlakatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Germaniya, Buyuk Britaniyada bo‘lgan xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etdi.

2008 yil Sirojiddin uchun omadli keladi. Shaxmatning ICSC tasnifida O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shveysariyada ICSC tasnifida o‘smir yoshlar o‘rtasida Jahon chempionatida ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ladi. Germaniyaning Drezden shahrida bo‘lib o‘tgan 38- FIDE Jahon shaxmat olimpiadasida ICSC tarkibida blits o‘yinida ham munosib ishtirok etgan. Shu yilning o‘zida uning yutuqlari munosib e’tirof etilib hukumat tomonidan “Shuhrat” medali bilan mukofotlanadi.
Sirojiddin ana shunday shijoat bilan o‘z ishini davom ettirib kelmoqda. U o‘z faoliyatini yanada kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan. Toshkent shahar hokimi tumanlarda fuqarolar muammolarini keng o‘rgandi. Ana shunda Sirojiddin Zayniddinov bilan ham uchrashdi. Uning ancha yillardan buyon shaxmat maktabi ochish uchun yer ajratish muammosi hal bo‘lmayotganini aytadi. Hokim ishni ijobiy yechishga va hozir vaqtincha o‘zi yashab turgan tumandan ijara to‘lovlarsiz shaxmat xonalari ajratilishida yordam berishini ma’lum qiladi. Suhbatdan so‘ng shahar hokimi Sirojiddinga mashina sovg‘a qiladi.
bugungi kunda Sirojiddin Zayniddinov har kuni aynan shu avtomashinada ishga qatnaydi. Olg‘a qadam bosib, o‘z ustida izlanishda davom etmoqda.
D.Mamatova, O‘zA muxbiri