Anvar Anvarov Shvetsiyadagi xalqaro turnirda g‘olib bo‘ldi
Shvetsiyaning Sollentuna shahrida yengil atletika bo‘yicha “Folksam Gran-pri” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Jahon yengil atletika tashkilotining “Continental Tour” seriyasiga kiruvchi va bronza darajasiga ega mazkur musobaqada Yevropaning yetakchi atletlari hamda xalqaro maydondagi kuchli sportchilar ishtirok etdi.
Erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Anvar Anvarov barcha raqiblaridan ustun keldi. Mamlakat rekordchisi ikkinchi urinishda 8,23 metr natija ko‘rsatib, musobaqa yakuniga qadar eng yaxshi ko‘rsatkich bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shamol tezligi ruxsat etilgan me’yordan yuqori — soniyasiga 3 metrni tashkil etgani bois mazkur natija Anvar Anvarovning mavsumdagi eng yaxshi natijasi sifatida rasman qayd etilmaydi. Shunga qaramay, 8,23 metrlik g‘olibona sakrash o‘zbekistonlik sportchining yuqori sport formasida ekanini hamda yirik xalqaro musobaqalarda medallar uchun kurashishga tayyorligini yana bir bor namoyon etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA